Dunyo

“O‘smirlarni smartfonlar emas, balki maktab depressiyaga tushiradi” — psixolog

“O‘smirlarni smartfonlar emas, balki maktab depressiyaga tushiradi” — psixolog

Boston kolleji psixologi Piter Grey The Verge nashriga o‘zining yangi “Restoring Childhood: How to Set Kids Free in the Age of Anxiety” (Bolalikni tiklash: xavotir davrida bolalarni qanday ozod qilish mumkin) kitobi haqida so‘zlab berdi. Unda u psixolog Jonatan Haydtning 2024-yilda chop etilgan bestselleri “Behalovat avlod”da ilgari surilgan ayrim fikrlarga qarshi chiqadi. Greyning aytishicha, smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlar orasida depressiya hamda xavotirning kuchayishiga olib kelayotgan bosh omil emas.

Olim yoshlar, raqamli texnologiyalar va ularning farovonligi bo‘yicha o‘tkazilgan keng qamrovli tadqiqotlarni tahlil qilgan. Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa raqamli texnologiyalar o‘smirlar ruhiy azoblarining keskin ortishiga sezilarli darajada sabab bo‘layotgani haqida ishonchli dalillar topilmagan.

Grey Haydtning kitobiga ham to‘xtalib, uning nega bestsellerga aylanganini shunday izohladi: “U yaxshi sotildi, chunki odamlar o‘zlaridagi noto‘g‘ri qarashlarning tasdig‘ini olishni yoqtirishadi”.

Greyning fikricha, o‘smirlar ruhiy salomatligidagi muammolar kuchayishida asosiy burilish nuqtasi smartfonlarning ommalashuvi emas, balki AQSHda taxminan 2010-yilda Common Core ta’lim standartlarining joriy etilishi bo‘lgan.

Olim buni statistik ma’lumotlar bilan asoslaydi. Uning aytishicha, AQSHda o‘smirlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlari 1950-yildan 1990-yilgacha, ya’ni smartfonlar paydo bo‘lishidan ancha oldin, oshgan. Keyin 1990-yillar va 2000-yillarda internet hamda videoo‘yinlar ommalashgan davrda bu ko‘rsatkich pasaygan. 2010-yildan boshlab esa yana o‘sish kuzatilgan.

Grey yana bir holatni dalil sifatida keltiradi: maktab o‘quvchilarining psixiatrik shifoxonalarga yotqizilishi yozgi ta’til paytida sezilarli darajada kamayadi. Olimning fikricha, bu maktabdagi muhit va akademik bosim bolalar ruhiy holatiga ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Greyning nazariyasiga ko‘ra, bugungi inqirozning asosiy sabablaridan biri bolalar mustaqilligining kamayib borayotganidir. U bunga maktab tanaffuslarining qisqarishi, o‘qishdagi akademik bosimning kuchayishi hamda ota-onalarning farzandlarini haddan tashqari nazorat qilishi va himoya qilishi kabi omillarni kiritadi.

Olim 1990-yillarda kompyuterlar va internetning ommalashuviga esa boshqacha baho beradi. Uning fikricha, bu texnologiyalar o‘smirlarga o‘z qobiliyatini namoyon qilish, o‘zini kompetent his qilish, hamfikrlar bilan aloqa o‘rnatish va ko‘proq erkin harakat qilish imkonini bergan. Grey hatto bu jarayon “bolalikni qisman tiklaganini” ta’kidlaydi.

Ayni paytda Jonatan Haydtning qarashlari butun dunyodagi maktablarda smartfonlardan foydalanishni cheklash va ularni taqiqlash bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishiga turtki bo‘ldi. Grey esa bunday yondashuv muammoning haqiqiy sabablaridan chalg‘itishi mumkin, deb hisoblaydi.

Qizig‘i, Grey, Haydt va jurnalist Lenor Skenazi birgalikda bolalarga ko‘proq mustaqillik berishni targ‘ib qiluvchi Let Grow tashkilotiga asos solgan. Biroq o‘smirlar ruhiy salomatligi inqirozining asosiy sabablari borasida ularning qarashlari keyinchalik bir-biridan farq qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.