O‘qituvchilar maoshidan 31-avgust, dam olish kuni uchun pul ushlab qolinmaydi — vazirlik

O‘qituvchilarning avgust oyi maoshidan 31-avgust, dam olish kuni uchun pul ushlab qolinmaydi, deya ma’lum qildi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim maktablarda o‘qituvchi va xodimlarning ish haqi to‘lovlari bo‘yicha turli xabarlar tarqalgan. Vazirlik ushbu holatga rasmiy munosabat bildirib, maktablarda xodimlarga ish haqi to‘lovlari shtatlar jadvali hamda tarifikatsiya ro‘yxati bo‘yicha ajratilgan dars soatlari asosida amalga oshirilishini qayd etdi. Bunda o‘qituvchilarga tarifikatsiya ro‘yxatida belgilangan oylik yuklamasi, ya’ni stavkasidan kelib chiqqan holda ish haqi to‘lanadi.
“Amaldagi mehnat qonunchiligida dam olish kuni munosabati bilan, jumladan, 31-avgust kuni uchun maktablarda ish haqidan ushlab qolish nazarda tutilmagan bo‘lib, ish haqidan ushlanmasdan to‘liqligicha to‘lab berish bo‘yicha topshiriq berilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining avgust oyi ikkinchi yarmi uchun ish haqi to‘lovlari bayramni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida 29-avgust sanasidan boshlab to‘lab berilayotgani ma’lum qilindi.
Avvalroq O‘zbekiston maktablarida 2026/2027-o‘quv yili 2-sentyabr, chorshanba kunidan boshlanishi xabar qilingandi. Joriy yilda birinchi sinfga qabul qilinadigan 795 mingdan ortiq o‘quvchiga “Prezident sovg‘asi” tantanali topshiriladi.

