Iqtisodiyot

OPEC’ni unuting, endi neft narxini Xitoy belgilaydi — The Economist

**OPEC davri tugadi, endi neft narxini Xitoy belgilaydi — The Economist**

AQSH va Isroilning Eronga hujumi ortidan yuzaga kelgan mojaro neft ta’minotida misli ko‘rilmagan muammolarni keltirib chiqardi. Tahlilchilar bu vaziyat 2008-yilgi jahon moliyaviy inqirozidan ham jiddiyroq oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taxmin qilishgan edi. Biroq, kutilgan salbiy ssenariy amalga oshmadi. Neft narxi ko‘tarilgan bo‘lsa-da, bir barreli uchun 150 dollarga yetmadi.

Bozordagi beqarorlik Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi va AQSH bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning cho‘zilishi bilan bog‘liq edi. Ammo bir qancha muhim o‘yinchilarning o‘z vaqtida qilgan harakatlari vaziyatni yumshatdi. Masalan, Abu Dabi va Ar-Riyod neftni bo‘g‘ozni chetlab o‘tuvchi quvurlar orqali tashishni boshladi. Vashington va Tokio esa favqulodda neft zaxiralaridan har kuni qariyb 2 million barrelni bozorga chiqardi. Biroq, yana bir hal qiluvchi qaror boshqa markaz – Pekinda qabul qilingan edi.

**Xitoyning parda ortidagi harakati**

Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti fevraldan iyungacha xom neft importini ikki baravar qisqartirib, kunlik 5,5 million barrelga tushirdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Brent neftining (jahon bozorida neft uchun etalon) narxini 30 dollarga pasaytirish imkonini berdi.

Xuddi shunday holat COVID-19 pandemiyasi davrida ham kuzatilgan edi. Biroq o‘shanda Xitoy talab pasaygani sababli qora oltin importini kamaytirgan edi. Bu safar esa mamlakat iqtisodiyotida inqiroz kuzatilmadi: Xitoyning yalpi ichki mahsuloti o‘sishda davom etdi. The Economist nashriga ko‘ra, bu Xitoyning dunyodagi eng yirik neft importchisi sifatida ham ichki, ham tashqi bozorlardagi narxlarga kichik xarajat bilan ta’sir ko‘rsata olishini anglatadi.

Shu tariqa, mamlakat qora oltin bozoridagi narxlarga OPEC va uning ittifoqchilari kabi ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. OPEC o‘nlab yillardan buyon global miqyosda neft qazib olish va ishlab chiqarish kvotalarini belgilab kelayotganini hisobga olsak, bunday richaglarga ega bo‘lmagan Xitoyning imkoniyatlari bir qarashda yuqori emasdek ko‘rinadi.

Ammo tashkilotning mavqeyi pasayib bormoqda. Yirik o‘yinchilardan biri bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarining undan chiqishi, Fors ko‘rfazidagi qolgan neft gigantlarining urushdan jabr ko‘rgani va boshqa omillar Xitoyning pozitsiyasi yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘lmoqda. Neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan birining rahbari buni qisqacha qilib, “Xitoy — yangi OPEC”, deya izohladi.

**Xitoy neft bozorini qanday boshqarmoqda?**

OPEC qirq yildan beri ishlab chiqarish kvotalari orqali narxlarni yuqori darajada ushlab turishga intiladi. Import qiluvchi mamlakatlar esa aksincha, talabni cheklab, narxlarni pasaytirish imkoniyatiga ega emas edi. Chunki xaridorlar sotuvchilarga qaraganda ancha tarqoqdir. Ichki energiya talabi esa millionlab odamlar, kompaniyalar va tashkilotlarning alohida qarorlaridan shakllanadi. Ammo Xitoy bu borada istisno.

Pekin iqtisodiyotda davlatning ulushi yuqori bo‘lgani bois energiyaga bo‘lgan talabni markazlashgan holda boshqarishi mumkin. OPEC+ qaror qabul qilishi uchun 21 ta davlatning roziligi talab etilsa, Xitoyda buni muayyan guruh markazlashtirilgan holda amalga oshiradi. Yakuniy qarorni esa faqat bir kishi — Si Szinpin qabul qiladi.

Hozirda Xitoy neft bozoriga asosan uchta richag orqali ta’sir ko‘rsatmoqda. Ulardan birinchisi neft zaxiralaridir. Gap shundaki, mamlakat 2026-yilgacha bo‘lgan 12 oyda bozordagi taklif yuqoriligidan foydalanib, 200 million barrel neftni arzon narxlarga sotib olgan. Xitoyning neft zaxiralari ungacha ham taxminan 1 milliard barrelga teng bo‘lgan. Treydirlar hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur siyosat Eron urushigacha bo‘lgan davrda narxlarni 10–20 dollarga oshirgan bo‘lishi mumkin.

Vortexa ma’lumot kompaniyasining hisob-kitob qilishicha, joriy yilning iyul oyiga kelib Xitoyda neft zaxiralari 70 million barrelga kamaygan. Ammo bu suzuvchi omborlar va yashirin yerosti saqlash joylaridagi zaxiralarni o‘z ichiga olmaydi. Agar ularni ham qo‘shib hisoblansa, mamlakat o‘z zaxiralaridan taxminan 150 million barrel ishlatgan. Boshqacha aytganda, bozorga rezervuarlardan har kuni taxminan 1,5 million barrel miqdorda qora oltin chiqarilgan.

Ammo ta’kidlash joiz, buning asosiy qismi strategik emas, tijoriy zaxiralar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni bu yirik neft kompaniyalarining foyda olish maqsadida saqlaydigan o‘z zaxiralaridir. Ammo bunday rezervuarlar uzoq vaqt bo‘sh qoldirilmaydi. Argus Media kompaniyasi vakili Tom Ridning aytishicha, neftni qayta ishlovchilar odatda o‘zlari sarflagan zaxirani bir oy ichida to‘ldirishi kerak. Ammo shu kabi kompaniyalar davlatga tegishli bo‘lgani bois davlat ularni o‘zi xohlagan paytda istaganidek tasarruf qilishi mumkin.

Vortexa tahlilchisi Emma Lining aytishicha, Pekin bu siyosatni yana to‘rt oy davom ettira oladi. Shundan so‘ng hukumat zaxiralar kritik darajaga tushib ketishidan qo‘rqib, jarayonni to‘xtatish haqida jiddiy o‘ylay boshlaydi.

**Ikkinchi vosita — eksportni cheklash**

Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik neftni qayta ishlovchi davlat hisoblanadi. U odatda xom neftni sotib olib, o‘z qo‘shnilariga katta hajmdagi tayyor neft mahsulotlarini yetkazib beradi. Ammo mart oyida hukumat mamlakatning neftni qayta ishlash zavodlariga yangi eksport shartnomalarini tuzishni to‘xtatish va avval tuzilgan shartnomalarning ko‘pini bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma yubordi. Natijada joriy yil fevralidan apreligacha Xitoyning qayta ishlangan neft mahsulotlari eksporti qariyb ikki baravar kamaydi va kunlik 430 ming barrelgacha tushdi.

Bunga yuqori darajada qayta ishlangan aviatsiya yonilg‘isi ham kiradi. Uning eksporti kunlik 180 ming barrelni tashkil etgan. Bu esa o‘z navbatida, Xitoy neftni qayta ishlash zavodlariga har kuni 1,2–1,8 million barrel xom neftni tejash imkonini bergan. Shu bilan birga, xorijga sotiladigan yonilg‘i hajmini kamaytirish orqali ichki bozor ehtiyojlarini yaxshiroq qondirish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Bundan tashqari, zavodlar odatda eksport uchun ishlab chiqaradigan ayrim mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berishni boshladi. Masalan, neft-kimyo sanoatida ishlatiladigan nafta va suyultirilgan neft gaz (LPG), shuningdek, mazut kabilar shular jumlasidan. Biroq eksportdan olinadigan foyda ichki bozordagi savdodan yuqori bo‘lgani sababli, bunday siyosat neftni qayta ishlovchi kompaniyalarning daromadlarini kamaytiradi.

**Uchinchi vosita — ichki talabni qisqartirish**

Biroq katta zaxiralar va eksportni cheklashning o‘zi Xitoy importidagi ulkan qisqarishni to‘liq tushuntirib bera olmaydi. Gap shundaki, Pekin uchinchi vositani ham ishga soldi: ichki talabni kamaytirish.

Iyun oyida Xitoy neftni qayta ishlash zavodlari bir yil avvalgiga qaraganda kuniga 2,7 million barrel kamroq xom neftga ishlov berdi. Benzin ishlab chiqarish 14 foizga, dizel va aviatsiya yonilg‘isi ishlab chiqarish esa 21 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, ichki bozorda o‘tkazilgan tahlillar avtomobillar uchun yonilg‘idan foydalanish keskin kamayganini ko‘rsatgan. Bunga narxlar oshgani sabab aholining jamoat transportidan faolroq foydalana boshlagani, shuningdek, elektromobillarning ommalashayotgani sabab bo‘lgan. Mahalliy hokimiyatlar esa o‘z navbatida, infratuzilmaga doir ayrim ishlarni kamaytirib, dizel yonilg‘isiga bo‘lgan talabni keskin kamaytirgan.

Xalqaro energetika agentligi vakili Siaran Xili hisobiga ko‘ra, urushning dastlabki ikki oyida Xitoy o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 10 foiz kamroq benzin va kerosin yonilg‘isi sarflagan.

**Neft-kimyo sanoati ham sharoitga moslashmoqda**

Dunyoning eng yirik neft-kimyo sanoatiga ega mamlakat ta’minot bilan bog‘liq cheklovlarga boshqa yo‘l bilan ham moslashmoqda. O‘tgan yili Xitoy neft-kimyo korxonalari, asosan, Fors ko‘rfazidan import qilingan nafta hamda suyultirilgan gazni (LPG) qayta ishlab, polimerlarga aylantirdi. Ushbu xomashyodan olingan sintetik kauchuk, neylon va poliester kabi materiallarni Xitoyning ulkan sanoat fabrikalari sotib olmoqda.

Biroq Fors ko‘rfazidan keladigan xomashyo qisqargani, hukumat yonilg‘i masalasini neft-kimyo xomashyosidan ustun qo‘ygani sabab kompaniyalar ayrim polimerlarni ishlab chiqarishning muqobil usullarini topmoqda. Masalan, ular neft o‘rniga ko‘mir va etandan foydalanishni kengaytirmoqda.

**Xitoy iqtisodiyoti buni ko‘tara oladimi?**

Tahlilchilar hozircha bu kabi cheklovlarning Xitoy iqtisodiyotiga ta’sirini boshqarish mumkin, deb hisoblamoqda. Bunda, ayniqsa, yillar davomida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordam beryapti. Ya’ni shamol va quyosh elektrostansiyalari, elektromobillar hamda boshqalar Xitoy energetika tizimini ancha moslashuvchan qilib qo‘ygan.

Bundan tashqari, yillar davomidagi raqobat sabab Xitoyda sotilmay qolgan polimerlar va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlarning ulkan zaxirasi shakllanib qolgan. Aynan shu “yostiq” zaxiralar taklif keskin tushib ketishining oldini olishga yordam bergan.

Ikkinchi chorakda Xitoy yalpi ichki mahsuloti 4,3 foizga o‘sdi. Bu 2022-yilning to‘rtinchi choragidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lsa-da, uning asosiy sababi neft tanqisligi bilan bog‘liq emas. Iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga investitsiyalarning kamaygani va ko‘chmas mulk bozoridagi inqirozdan qolgan oqibatlar ko‘proq ta’sir qilmoqda.

Bundan tashqari, Pekin hali ham strategik neft zaxiralaridan foydalanishi mumkin. Oksford energetika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Mixal Meydanning qayd etishicha, Xitoy hozircha faqat tijoriy zaxiralarni ishlatgan, strategik zaxiralarga esa deyarli tegmagan.

**Xitoy “yangi OPEC” bo‘la oladimi?**

Pekin ixtiyoridagi xom neft, yonilg‘i va polimer zaxiralari tahlilchilar o‘ylaganidan kattaroq bo‘lsa-da, ular cheksiz emas. OPEC’dan farqli o‘laroq, Xitoy qora oltinning yirik qazib oluvchisi emas. U bir necha oy yonilg‘i importini past sur’atda ushlab tursa ham, buni yillab davom ettira olmaydi.

Ammo Eron urushi muhim jihatni ko‘rsatdi: Xitoy bir necha oy davomida jahon neft bozorini deyarli yakka o‘zi barqarorlashtira oladi. O‘zining ulkan iqtisodi bilan narxlarni xohlasa tushiradi, lozim ko‘rsa ko‘taradi. Ichki ziddiyatlar tobora yemirayotgan neft karteli — OPEC esa bunday imkoniyatlarni borgan sari qo‘ldan chiqarmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.