Iqtisodiyot

O‘zbekiston Xitoydan avia yoqilg‘i ta’minotini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston avia yoqilg‘isi importini diversifikatsiya qilish uchun Xitoydan Jet A-1 yoqilg‘isini uzoq muddatli xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala «O‘zbekneftgaz» va Xitoy delegatsiyasi uchrashuvida muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xitoydan avia yoqilg‘i yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ ma’lum qildi.

«O‘zbekneftgaz» importni diversifikatsiya qilish maqsadida Xitoydan Jet A-1 avia yoqilg‘isining uzoq muddatli ta’minotini yo‘lga qo‘yish niyatida.

14-avgust kuni kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, neft-gaz sohasida barqaror rivojlanayotgan strategik qo‘shma investitsiya loyihalari hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.

«O‘zbekneftgaz» Xitoyning CNPC, CCDC, BGP, Jereh, Honghua kabi yirik kompaniyalari bilan geologiya-qidiruv, quduqlarni burg‘ilash, xizmatlar ko‘rsatish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohasida bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Importni diversifikatsiya qilish va O‘zbekistonni avia yoqilg‘i bilan barqaror ta’minlash tizimini shakllantirish uchun Xitoydan Jet A-1 avia yoqilg‘isini uzoq muddatli yetkazib berish imkoniyati uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar «O‘zbekneftgaz»ning Xitoyning China National Aviation Fuel Group (CNAF) va Sinopec kompaniyalari bilan bevosita hamkorlik o‘rnatishiga Xitoyning Toshkentdagi elchixonasi ko‘maklashishi imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish va yangi investitsiyaviy hamda texnologik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.