Olimlar rangi özgaradigan qadimgi Rim qadahining sirini oçişdi
IV asrga oid Likurg qadahi öziga xos optik xususiyatlarga ega. Unga yoruğlik qanday tuşişiga qarab rangini özgartiradi: oddiy yoruğlikda idiş yaşil rangda, orqa tomondan yoritilganda esa qizil tusda tovlanadi.

Olimlar qadimgi Rimning rangini o‘zgartiradigan qadahidagi sirni ochishdi
Buyuk Britaniyadagi Sheffild universiteti olimlari rangini o‘zgartiradigan qadimgi Rim shishasini qayta yaratishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi.
Britaniya muzeyida IV asrga oid Likurg qadahi saqlanadi. U dixroik shishadan yasalgan bo‘lib, yorug‘lik qanday tushishiga qarab rangini o‘zgartiradi: oddiy yorug‘likda idish yashil rangda, orqa tomondan yoritilganda esa qizil tusda tovlanadi. Unda Gomerning «Iliada» dostonida oltinchi qo‘shiqda tasvirlangan shoh Likurg aks ettirilgan. 2022-yilda Likurg qadahi dunyoning shishadan yasalgan yetti mo‘jizasidan biri deb e’tirof etilgan.
Tadqiqotchi Liza Hollandsning aytishicha, shisha tarkibiga oltin va kumush nanozarralari qo‘shilgan. Quyuq erigan shisha massasi hosil qilingan va u sovigani sari tarkibidagi zarralar atrofida oltin va kumush nanokristallari o‘sib chiqa boshlagan.
«Oq yorug‘lik turli ranglardan tashkil topgan. Buni osmonda kamalak paydo bo‘lganda ko‘rish mumkin. Nanozarralar yorug‘lik to‘lqinlari uzunligidan ancha kichik bo‘ladi va muayyan sharoitlarda yorug‘lik atomlardagi elektronlarga ta’sir qilishi tufayli ular ayrim ranglarni to‘sib qo‘yadi», - deydi Hollands.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shisha orqali yorug‘lik o‘tkazilsa, «oltin va kumush zarralari ko‘k va yashil nurlarni tutib qolib, faqat qizil va to‘q sariq nurlarni o‘tkazadi».
«Agar yorug‘lik sirtdan aks etsa, bu zarralar yorug‘likni sochib yuboradi va natijada biz ko‘radigan yashil rang hosil bo‘ladi», - dedi u.
London universitet kolleji faxriy professori Ien Fristounning qayd etishicha, 1960-yillarda ham qadimgi Rim shishasini qayta yaratishga urinishlar bo‘lgan.
«Rang ko‘p jihatdan pechdagi sharoitga bog‘liq edi. Agar shisha pechning boshqa joyida turgan bo‘lsa, uning rangi ham boshqacha chiqardi. Rangning pechdagi joylashuvga shu qadar sezgirligi rimliklar uchun uni nazorat qilish nihoyatda qiyin bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu esa Likurg qadahi tayyorlanganida ularga shunchaki omad kulib boqqan bo‘lishi mumkin, degan fikrga olib keladi», - dedi olim.

