Olimlar qadimda Yerning 80 foizini egallagan superqit’aning noma’lum bo‘laklarini aniqladi

**Olimlar qadimda Yerning 80 foizini egallagan superqit’aning noma’lum bo‘laklarini aniqladi**
Xitoy Geologiya fanlari akademiyasi olimlari Gondvana (500-600 million yil avval mavjud boʻlgan va keyinchalik boʻlinib ketgan ulkan qadimiy superkontinent) qit’asining chegaralarini qayta tiklab, qadimgi yer po‘stining ilgari noma’lum bo‘lgan bo‘laklarini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, taxminan 550 million yil avval bu superkontinent Yer sayyorasi quruqligining 80 foizigacha bo‘lgan qismini egallagan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar turli mamlakat mutaxassislari tomonidan tuzilgan global geokimyoviy ma’lumotlar bazasidan foydalandi. Ular 25 mingdan ortiq magmatik tog‘ jinsi namunalarining tarkibini tahlil qilib, ularning kelib chiqishini o‘zaro solishtirdi.
Ma’lumotlarni qayta ishlashda olimlar sun’iy intellekt va geologik xaritalash usullaridan foydalandi. Tahlillar Janubi-sharqiy Osiyo, Markaziy Yevropa va Shimoliy Amerikaning janubi-sharqiy qismida qadimgi yer po‘stining ko‘milib ketgan qatlamlari mavjudligini ko‘rsatdi.
Avval Gondvana maydoni o‘sha davrdagi jami quruqlikning taxminan 64 foizini tashkil qilgan deb hisoblanar edi. Yangi hisob-kitoblar bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazdi va qadimgi qit’a hajmi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirdi.
Olimlar Gondvananing mavjudligini taxminan 541 million yil avval yuz bergan Kembriy portlashidan oldingi jarayonlar bilan ham bog‘ladi. Bu davrda hayvonot dunyosining xilma-xilligi keskin oshgan va avlodlari bugungi kunda ham yashayotgan ko‘plab organizmlar paydo bo‘lgan.
Bunday ulkan quruqlikning shakllanishi dunyo okeani sathiga, mantiya moddalarining harakatiga va atmosfera tarkibiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Qayd etilishicha, yangi ma’lumotlar Yer tarixining ilk bosqichlarida qit’alar ajralib ketishi, iqlim o‘zgarishi va hayotning rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada aniqroq o‘rganishga yordam beradi.

