Dunyo

Olimlar 2026-2027 yillarda iqlim anomaliyalari tufayli oʻlim holatlari keskin oshishini prognoz qilishdi

Olimlar 2026-2027 yillarda iqlim anomaliyalari tufayli oʻlim holatlari keskin ortishini prognoz qilishdi

Super-El-Nino iqlim hodisasi tufayli 2026 yilning sentyabridan 2027 yilning fevraligacha boʻlgan davrda dunyoda 450 mingdan ortiq kishi halok boʻlishi mumkin.

Bu haqda "The Guardian" nashri olimlarning tadqiqotiga tayanib yozmoqda.

Tadqiqotchilarning baholashicha, El-Nino bilan bogʻliq issiqlik, qurgʻoqchilik, oʻrmon yongʻinlari va suv toshqinlari tufayli butun dunyo boʻylab 451 ming kishi vafot etishi mumkin. Eng ogʻir oqibatlar tropik mamlakatlarda, jumladan Nigeriya, Indoneziya, Sudan, Hindiston va Braziliyada, shuningdek, Sahel mintaqasi, Janubi-Sharqiy Osiyo va AQShda kutilmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar anomal issiqlikdan oʻlim holatlarining yuqori darajasi uzoqroq — 2027 yilning iyun yoki iyul oyigacha saqlanib qolishini taxmin qilishmoqda.

Prognozlar dunyoning 24 378 ta mintaqasida harorat va issiqlikdan qoʻshimcha oʻlim holatlari oʻrtasidagi oylik bogʻliqlikni kuzatuvchi taqrizlangan metodlarni qoʻllagan holda tayyorlandi. Bu maʼlumotlar 1996 yildan 2025 yilgacha boʻlgan davrdagi issiqlikdan oʻlim holatlarining oʻrtacha oylik sonidan foydalanib, yaqin oylarda El-Nino tufayli harorat koʻtarilishi prognozlari bilan solishtirildi.

Olimlar bunday hisob-kitoblar himoya choralarini zudlik bilan koʻrish zarur boʻlgan hududlarni tezkor aniqlash imkonini berishini taʼkidlamoqdalar. Ekspertlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yechimlar sifatida sovutish markazlarini tashkil etish, tigʻiz paytlarda tibbiyot muassasalari xodimlari sonini koʻpaytirish va ochiq havoda ishlaydigan odamlar uchun qoʻshimcha himoya choralarini joriy etishni tilga olishmoqda.

El-Nino tabiiy hodisasi Tinch okeani yuzasidagi suvlarning isishini keltirib chiqaradi, bu esa butun sayyorada kuchli issiqlik toʻlqinlari, jala quyishi, qurgʻoqchilik va boshqa iqlim anomaliyalariga olib keladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.