Odam savdosi internetda «hammaning koʻz oʻngida yashiringan»
Stormont surishtiruvida Shimoliy Irlandiya boʻylab ayollarni jinsiy xizmatlar uchun reklama qiluvchi toʻrtta asosiy veb-sayt koʻrib chiqildi.

Stormont tekshiruviga koʻra, odam savdosi “internetda hammaning koʻz oʻnggida yashirilmoqda” va bu muammo “halokatli” deb topildi.
Shimoliy Irlandiyadagi “qoʻshmachilik veb-saytlari” boʻyicha surishtiruv odam savdosi qurboni boʻlgan va yordamga muhtoj ayollarning onlayn platformalarda ekspluatatsiya qilinishi boʻyicha ortib borayotgan xavotirlar manzarasida boshlangan edi.
Odam savdosi va tijorat jinsiy ekspluatatsiyasi boʻyicha Parlamentlararo guruh (APG) seshanba kuni oʻz surishtiruv hisobotini eʼlon qilishi kutilmoqda.
Hisobotda aytilishicha, ushbu saytlar jinoiy toʻdalarga koʻplab profillarni boshqarishga va ayollar mustaqil harakat qilayotgandek koʻrinish ortida zoʻravonlikni yashirishga imkon beradi.
Unda aytilishicha, odam savdosi qurboni boʻlgan ayollar va qizlarning 95 foizi “jinsiy ekspluatatsiya maqsadida olib kelingan”.
APG surishtiruvi Shimoliy Irlandiya boʻylab jinsiy xizmatlar uchun ayollar reklama qilinadigan toʻrtta yirik veb-saytni oʻrgandi: Locanto, Adult Works, Viva Street va Escort Ireland.
Ushbu veb-saytlar omma uchun ochiq boʻlib, foydalanuvchilar ayollarni tanlaydi va odatda veb-sayt, WhatsApp yoki Telegram orqali bogʻlanadi.
Ayollar keng turdagi xizmatlarni taklif qiluvchi “mustaqil eskortlar” sifatida tavsiflanadi. Ammo hisobot shuni koʻrsatdiki, haqiqat mutlaqo boshqacha.
A jabrlanuvchi 19 yoshida fohishalikka majburlangan va internetda reklama qilingan. Uning aytishicha, bu saytlar xolis platformalar emas.
“Ular jinsiy ekspluatatsiyani tashkil etish, marketing qilish va undan pul ishlash mumkin boʻlgan infratuzilmani taqdim etadi”, dedi u.
“Saytlar bor, lekin ular qizlarni faol qidirayotgan odamlarni onlayn tarzda olib kelishadi, bizning mijozlar bazamiz ushbu uchrashuvdan oldin bizga giyohvand modda berilganini bilardi, shunda biz mutlaqo hushsiz holatda boʻlardik, ha yoki yoʻq deya olmasdingiz, tanangiz shol boʻlib qolardi, bu narsa onlayn tarzda aytilmaydi.”
Yana bir omon qolgan ayol Braziliyadan odam savdosi yoʻli bilan olib kelingan bir nechta ayollarning profillarini boshqargan erkak tomonidan nazorat qilingan.
“Bizdan hech kim xaridorlarning elektron pochtalariga kira olmasdi. Ular toʻgʻridan-toʻgʻri u orqali kelardi, u xuddi bizdek javob berardi.”
Hisobotda, shuningdek, Milliy jinoyatchilikka qarshi kurashish agentligi fohishalikni reklama qiluvchi veb-saytlarni “odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiyaning muhim vositachilari” sifatida aniqlagani aytiladi.
BBC NI ushbu veb-saytlarni oylar davomida oʻrganib chiqdi va Shimoliy Irlandiyada har kuni oʻrtacha 500 dan ortiq ayol jinsiy xizmatlarni reklama qilishini aniqladi.
Ayollarning koʻpchiligi shahardan shaharga koʻchirib turiladi. Masalan, “Xloya” Belfastda 24 soat boʻlishi haqida reklama qilingan.
Ertasi kuni u Dublinda xuddi shu soʻzlar bilan, “shaharda 24 soat” deb reklama qilingan. Keyingi hafta davomida u Irlandiya oroli boʻylab oltita turli shaharda, har safar atigi 24 soatga reklama qilingan.
Jinsiy ekspluatatsiyani tadqiq qilish va siyosat institutidan Rut Breslinning aytishicha, sudlarda “Irlandiya Respublikasida ham, Irlandiya shimolida ham ushbu saytlar jinsiy savdodagi ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda va odam savdosida asosiy rol oʻynagan” koʻplab ishlar bor.
“Biz ekspluatatsiya qilingan va odam savdosi qurboni boʻlgan ayollar ushbu saytlarda reklama qilinayotganini bilamiz”, dedi u.
“Bu saytlarni taqiqlash eng toʻgʻri yoʻldir. Tartibga solish bu sohada shunchaki yetarlicha kuchli boʻlmaydi. Hatto bu sohani qatyiy tartibga solsak ham, ekspluatatsiya baribir davom etaveradi.”
BBC izoh olish uchun Escort Ireland ga murojaat qildi, ammo u javob bermadi.
Bu Irlandiya orolidagi eng yirik sayt boʻlib, 30 yildan beri faoliyat yuritadi.
Unda “toʻlovlar faqat vaqt va hamrohlik uchun” ekanligi va “sodir boʻladigan har qanday narsa tasodif va rozi boʻlgan katta yoshlilar oʻrtasidagi tanlov masalasidir” degan raddiya mavjud.
Hisobot platformalarni xavfsiz tartibga solish mumkinligi haqidagi gʻoyani rad etdi. Unda jinoiy tarmoqlar “raqamli infratuzilmaning oʻzi yoʻq qilinmaguncha, tartibga solingan muhitdan ekspluatatsiya qilishda davom etishi” aytilgan.
U bir nechta tavsiyalarni ilgari suradi, jumladan, veb-sayt operatorlarini jinoiy javobgarlikka tortish, Irlandiya Respublikasi bilan chegaralararo tezkor hamkorlikni mustahkamlash va erkaklar uchun maqsadli aralashuvlarni joriy etish.
Konni Eganning aytishicha, hisobot “oʻqilib, qayd etilib, tokchaga olib qoʻyilmasligi” kerak.
“Biz bugun Belfastda reklama qilinayotgan har bir ayol va bu orolda oʻz xohishiga qarshi olib kelingan har bir qiz oldida ushbu hisobot shunchaki oʻqilib, qayd etilib, tokchaga olib qoʻyilmasligini taʼminlashga qarzdormiz”, dedi u.
“Mamlakatimizda hammaning koʻz oʻnggida yashiringan narsa bu — jinsiy ekspluatatsiya va u bilan bogʻliq sirtqi zararlarning haqiqatidir va fohishalikni reklama qiluvchi veb-saytlar inkor etib boʻlmaydigan darajada buni harakatga keltirmoqda.
“Umid qilamanki, omon qolganlar va hanuz fohishalik tuzogʻida boʻlganlar bizning tavsiyalarimizni eshitadi va oʻqiydi hamda ularning ham ovozi borligini tan oladi.”
Pul evaziga jinsiy xizmatlar koʻrsatish Angliya, Shotlandiya va Uelsda qonuniydir.
Ammo 2015 yilda joriy etilgan qonunlar Shimoliy Irlandiyada bevosita yoki bilvosita jinsiy aloqa uchun pul toʻlashni jinoyatga aylantiradi.
Biroq, jinsiy xizmatlarni sotish noqonuniy emas, shuningdek, buni qilish uchun bekorchilik qilish yoki daʼvat qilish ham noqonuniy emas, lekin fohishaxona yuritish yoki daromad olish uchun fohishalikni nazorat qilish jinoyat boʻlib qolmoqda.
Detektiv bosh superintendant Emma Nill jinsiy ekspluatatsiya aksariyat hollarda koʻrinmas jinoyat ekanligini aytdi.
Qonunchilik 2015 yil 1 iyunda joriy etilganidan beri 28 fevralgacha jinsiy xizmatlar uchun sodir etilgan jinoyat boʻyicha 134 kishi hibsga olingan; ushbu hibsga olinganlardan 105 tasi Davlat ayblov xizmatiga (PPS) yuborilgan; beshtasi ayblov hukmiga olib kelgan.
Shimoliy Irlandiya politsiya xizmatining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimini boshqaradigan detektiv bosh superintendant Emma Nill shunday dedi: “Bizning aniq eʼtiborimiz ekspluatatsiya qilingan jabrlanuvchilarni aniqlash va himoya qilish, shu bilan birga ushbu ekspluatatsiyaga aloqador uyushgan jinoiy guruhlar aʼzolariga qarshi dalillarni aniqlash va toʻplashga qaratilgan.
“Bizning katta qiyinchiligimiz shundaki, jinsiy ekspluatatsiya koʻpincha koʻrinmas jinoyatdir. U hammaning koʻz oʻnggida sodir boʻlishi mumkin. Bu faqat politsiya kuchi bilan hal qilib boʻlmaydigan va jamoaviy harakatlarni talab qiladigan murakkab muammodir.”

