«Oʻzbekneftgaz» Saneg aktivlarini olmaganini maʼlum qildi
«Oʻzbekneftgaz» kompaniyaning neft va gaz konlariga boʻlgan litsenziyalarining bir qismi bekor qilinganidan keyin Saneg aktivlari yoki ulushlarini olmaganini maʼlum qildi.

«Oʻzbekneftgaz» Saneg aktivlarini omaganini maʼlum qildi
«Oʻzbekneftgaz» AJ Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) xususiy kompaniyasining neft va gaz konlaridan foydalanish boʻyicha litsenziyalarining bir qismi bekor qilinganidan keyin uning aktivlari yoki ulushlarini olmagan.
Bu haqda davlat kompaniyasi vakillari 27 oktyabr kuni toʻqqiz oylik ish yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilishdi.
Jurnalist litsenziyalar qaytarib olinganidan keyin hozirda konlarni operativ va moliyaviy boshqarishni kim amalga oshirayotgani haqida savol berdi. Kompaniya boshqaruvi raisining qayta ishlash boʻyicha oʻrinbosari Abrorjon Xudoyberganov «Oʻzbekneftgaz»ning Saneg aloqador emasligini taʼkidladi. «Saneg — alohida tashkilot. U bizning boʻysunuvimizda emas va bu yoʻnalishda u bilan hamkorligimiz yoʻq. Bu maʼlumot biz tomonimizdan eʼlon qilinmagan. Fikrimcha, uni eʼlon qilgan idoraga murojaat qilish toʻgʻriroq boʻladi», — dedi u.
Xudoyberganovning soʻzlariga koʻra, litsenziyalar bekor qilingani eʼlon qilinganidan keyin davlat kompaniyasiga Saneg’ning hech qanday aktivlari yoki ulushlari topshirilmagan. Shu bilan birga, «Oʻzbekneftgaz» hozirda konlarni kim boshqarayotgani va ularni oʻzlashtirish huquqini boshqa kompaniyalarga berish rejalashtirilganmi-yoʻqmi, bunga aniqlik kiritmadi.
Litsenziyalar qaytarib olingani haqida 8 oktyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov maʼlum qilgan edi.
Sabab sifatida u litsenziya shartlari bajarilmaganini va yer qaʼri uchastkalari xoʻjalik jihatidan oʻzlashtirilmaganini koʻrsatdi. «Mening bilishimcha, bu konlar muomalaga kiritilmagan va litsenziya shartlari bajarilmagan. Shu boshudan bugungi kunda [litsenziyalar] bekor qilingan. Hozirda Geologiya vazirligi ulardan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda», — dedi Murodov.
Agentlik rahbari konlar xususiy mulkka berilmaganini aniqlashtirdi: Saneg yer qaʼridan foydalanish huquqiga litsenziyalar olgan edi.
Qancha litsenziya qaytarib olingani, bu qaysi konlarga daxldorligi, qarorlar qachon qabul qilingani va kompaniya foydalanishida qancha uchastka qolayotgani haqida Murodov maʼlumot bermadi.

