Oʻzbekistonning barcha texnikumlarida xalqaro taʼlim dasturlari joriy etiladi
Kelgusi yildan boshlab xalqaro kasbiy sertifikatga ega boʻlgan ustalarga 50 foiz ustama toʻlanadi, sertifikat olish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi, shuningdek, har yili texnikumlarning 500 nafar ustasi xorijda stajirovkadan oʻtadi.

Oʻzbekistonning barcha texnikumlarida xalqaro taʼlim dasturlari joriy etiladi
Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi Oʻzbekiston» universitetida pedagog va murabbiylar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
Ikki yil ichida inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3591 taga, yaʼni qariyb besh barobarga koʻpaydi.
Davlat rahbari alohida eʼtiborga muhtoj bolalar doimiy diqqat-eʼtiborda boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Yaqinda Toshkent shahrida koʻp tarmoqli inklyuziv resurs maktabi oʻz faoliyatini boshladi. U yerda koʻrish, eshitish yoki harakatlanishda nuqsoni boʻlgan, shuningdek, ruhiy rivojlanishida qoʻshimcha yordamga muhtoj bolalar sogʻlom tengdoshlari bilan birga taʼlim-tarbiya olmoqda.
Bunday maktablar yil yakuniga qadar Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, yaqin ikki yilda esa barcha hududlarda ochiladi.
Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarimizga mos dastur ishlab chiqildi. 180 ming nafar tarbiyachi va pedagog yangi metodika boʻyicha oʻqitilmoqda.
Oʻyin orqali oʻrgatishga qaratilgan dastur hozirda bogʻchalarning 30 foizida amal qilmoqda. Yil yakuniga qadar u 38 mingdan ortiq barcha bogʻchalarda joriy etiladi.
Toshkentda YUNESKOning bolalarni erta yoshdan taʼlimga jalb qilish boʻyicha mintaqaviy markazi va Italiyaning Redjo-Emiliya markazi ish boshladi. Ular xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etishga, oʻyin orqali oʻrgatish boʻyicha amaliy qoʻllanmalar tayyorlashga xizmat qiladi.
Har yili 50 nafar ilgʻor tarbiyachi xorijda stajirovka oʻtaydi, barcha bogʻchalar uchun 100 ta videomaterial tayyorlanadi. Uch yillik dastur asosida davlat bogʻchalari elektron doskalar, kompyuterlar va rangli printerlar bilan jihozlanadi.
Prezident professional taʼlimga toʻxtalar ekan, «Hunar — hunardan rizqing unar» maqolini tilga oldi. Soʻnggi ikki yilda 104 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Xitoyning xalqaro dasturlari joriy etildi. 25 mingta korxona bilan hamkorlik natisida 100 mingdan ortiq yoshlar oʻqish bilan birga daromad topish imkoniyatiga ega boʻldi.
Joriy yildan boshlab dual tizim asosida kasb oʻrganayotgan yoshlarga 1,3 million soʻmgacha stipendiya toʻlanmoqda. Bu yil texnikumlarda oʻqishga 9-sinfning 220 ming nafar bitiruvchisi jalb etildi.

