Mahalliy

Oʻzbekistonlik yoshlarni Quvayt mehmonxonasiga ishga jalb qilish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekistonlik talaba va bitiruvchilarni Kuvaytdagi Courtyard by Marriott mehmonxonasida amaliyot oʻtashga jalb qilish va keyinchalik ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda. Ishga qabul qilingan xodimlar turar joy, uch mahal ovqat, transport va tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadi.

Oʻzbekistonlik yoshlarni Quvaytdagi mehmonxonaga ishga jalb etish rejalashtirilmoqda. «Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, bu masalalar Oʻzbekistonning tegishli idoralari hamda mehmonxona vakili ishtirok etgan onlayn uchrashuvda muhokama qilingan.

Muloqotda Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi, Migratsiya agentligi va Kasb-hunar taʼlimi agentligi mutaxassislari qatnashgan. Tomonlar kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilarini amaliyotga qabul qilish va keyinchalik mehmonxonada ishga joylashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqqan.

Mehmonxona vakili nomzodlarni tanlashda turizm va texnik mutaxassisliklar boʻyicha kasbiy tayyorgarlik hamda ingliz tilini bilish darajasiga alohida eʼtibor berilishini taʼkidlagan. Mehnat shartnomalarini bir yil muddatga tuzish rejalashtirilgan.

Hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun tomonlar oʻzaro anglashuv memorandumini tayyorlashga kelishib olgan. Mehmonxona boʻsh ish oʻrinlari, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va mehnatga haq toʻlash shartlari haqida maʼlumot beradi. Shundan soʻng Migratsiya agentligi ish izlovchilarni dastlabki saralashdan oʻtkazadi.

Uchrashuv yakunida memorandum loyihasini tayyorlash va kelishish, boʻsh ish oʻrinlari roʻyxatini aniqlashtirish hamda keyinchalik nomzodlarni tanlashni boshlash vazifalari belgilab olingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.