Oʻzbekistonlik shifokor samolyotda ahvoli yomonlashgan ayolga tibbiy yordam koʻrsatdi
Koreyaga uchayotgan samolyotda yoʻlovchi ayolning qon bosimi keskin tushib ketib, ogʻir shok holati yuzaga keldi. Oʻzbekistonlik shifokor unga tibbiy yordam koʻrsatdi, boshqa yoʻlovchilar ham yordam berishdi.

Oʻzbekistonlik shifokor samolyotda ahvoli yomonlashgan ayolga tibbiy yordam koʻrsatdi
11 oktyabr kuni Oʻzbekistondan Janubiy Koreyaga uchib ketayotgan samolyot bortida oʻzbekistonlik shifokor Hasan Komilov ahvoli yomonlashgan ayolga yordam berdi. Bu haqda Threads tarmogʻida reysi yoʻlovchilaridan biri yozdi.
Yoʻlovchining soʻzlariga koʻra, ehtimol koreya millatiga mansub ayolning diastolik (pastki) qon bosimi 20 gacha tushib ketgan va unda ogʻir shok holati boshlangan. Shu paytda samolyotda boʻlgan oʻzbekistonlik shifokor unga yordam koʻrsatgan.
Shifokor vaqti-vaqti bilan ayolga kislorod berib turgan va deksametazon inʼyektsiyasini qilgan. Natijada ayol Koreyaga eson-omon uchib kelgan.
Hodisa guvohi, shuningdek, bortdagi boshqa oʻzbekistonliklar ham yordam berishga shoshganini taʼkidladi. Ular ayolga suv, konfetlar, shokolad, yostiq va adyollar berishgan. Bort kuzatuvchilari ham yordam koʻrsatishda faol ishtirok etishgan.
«Rostini aytsam, men ularning barchasiga tan berdim. Men Oʻzbekistonga birinchi marta keldim va oʻzbekistonliklarning mehribonligidan juda taʼsirlandim. Inson hayotini saqlab qolishdan koʻra sharafliroq kasb boʻlmasa kerak»,
— deb yozdi yoʻlovchi.
Uning soʻzlariga koʻra, ayolga yordam koʻrsatgan oʻzbekistonlik shifokor Koreyaga malaka oshirish uchun kelgan boʻlishi mumkin.

