Oʻzbekistonga koʻchib kelganlar soni 2,5 barobarga oshdi
2026-yilning birinchi yarmida xorijdan Oʻzbekistonga doimiy yashash uchun 1 649 kishi koʻchib keldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobar koʻp boʻlib, koʻchib kelganlarning eng katta qismi Rossiya va Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri kelgan.

Oʻzbekistonga doimiy yashash maqsadida koʻchib keluvchilar soni 2,5 baravarga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Qoʻmita eʼlon qilgan raqamlarga koʻra, 2026-yilning yanvaridan iyungacha boʻlgan davrda xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonga jami 1 649 nafar shaxs doimiy yashash uchun koʻchib kelgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 976 nafarga koʻp boʻlib, 2,5 baravar oʻsishni tashkil etadi.
Oʻzbekistonga koʻchib kelganlar orasida Rossiya Federatsiyasidan kelganlar soni eng yuqori boʻlib, 580 nafarni tashkil etadi. Keyingi oʻrinlarda Qozogʻiston (362 nafar) va Tojikiston (147 nafar) qayd etilgan. Boshqa davlatlardan esa jami 560 kishi koʻchib kelgan.
Hududlar boʻyicha tahlil qilinganda, xorijdan koʻchib kelganlarning aksariyati Toshkent shahrini tanlagan. Poytaxtga olti oy ichida 1 089 kishi doimiy yashash uchun joylashgan.
Qolgan hududlarga koʻchib kelganlar soni quyidagicha: Toshkent viloyatiga 269 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 115 nafar, Navoiy viloyatiga 31 nafar va Samarqand viloyatiga 22 nafar.
Shuningdek, Xorazm viloyatiga 21 nafar, Surxondaryo viloyatiga 18 nafar, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlariga 15 nafardan, Buxoro va Namangan viloyatlariga 13 nafardan shaxs koʻchib kelgan. Jizzax viloyatiga 12 nafar, Andijon viloyatiga 11 nafar hamda Qashqadaryo viloyatiga 5 nafar kishi xorijdan doimiy yashash uchun kelgan.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2026-yilning birinchi yarmida xorijdan Oʻzbekistonga doimiy yashash uchun koʻchib kelganlarning qariyb uchdan ikki qismi Toshkent shahriga joylashgan.

