Oʻzbekistondagi toʻrtta aeroport loyihasi DXSh asosida amalga oshiriladi
Oʻzbekistonda xususiy sektor ishtirokida toʻrtta aeroport loyihasi ustida ish olib borilmoqda, deb xabar berdi transport vaziri. Gap Toshkentning yangi aeroporti, Urganch, Buxoro aeroportlari, shuningdek, Andijon va Namangandagi majmualarni boshqaruvga topshirish haqida bormoqda.

Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida toʻrtta aeroport loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot yakunlari boʻyicha «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Transport vazirligi rahbari eng yirik loyihalardan biri sifatida Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishini tilga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
«Xususiy sherik bilan zarur kelishuvlar imzolandi, maydonda qurilish boshlandi. Prezident muddatlar boʻyicha topshiriqlar berdi va loyiha boʻyicha keyingi yigʻilishlar bevosita joyida oʻtkazilishini belgiladi», — dedi u.
Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi alohida koʻrib chiqildi. Prezident ishlarni jadallashtirish, bunda sifat va zamonaviy talablarga muvofiqlikka alohida eʼtibor qaratish boʻyicha topshiriq berdi.
Mahkamov taʼkidlaganidek, hozirda umumiy hisobda xususiy sektor ishtirokida toʻrtta aeroport loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
«Toshkentdan tashqari, gap Koreyaning Incheon kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Urganch xalqaro aeroporti loyihasi haqida bormoqda. Buxoro boʻyicha hozirda tender jarayonlari ketmoqda. Bundan tashqari, Andijon va Namangan aeroportlarini boshqaruvga berish boʻyicha ishlar olib borilmoqda», — dedi transport vaziri.
U, shuningdek, aviatsiyani rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi tayyorlanayotganini maʼlum qildi.
«Endi sohaning keyingi 10 yillik strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun Ispaniya kompaniyasi jalb etilgan va joriy yil yakuniga qadar strategiyaning asosiy parametrlarini belgilash rejalashtirilgan», — dedi u.
Bundan tashqari, aviakompaniyalarni rivojlantirish va kelgusi yilda xalqaro audit oʻtkazish vazifasi qoʻyilgan.
Eslatib oʻtamiz, iyun oyida Uzbekistan Airports va Saudiya Arabistonining Vision International Investment kompaniyasi «Yangi Toshkent» aeroportini qurish va undan foydalanish boʻyicha DXSh toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan edi. Loyiha 2026−2030 yillarga moʻljallangan boʻlib, birinchi bosqichda qariyb 2,5 mlrd dollar investitsiya jalb etilishini nazarda tutadi. Aeroport Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq va Quyichirchiq tumanlaridagi 1310 gektar maydonda joylashadi, dastlabki oʻtkazuvchanlik qobiliyati yiliga 20 mln yoʻlovchini tashkil etadi va uni 46 mlngacha yetkazish imkoniyati boʻladi. Aeroport xususiy sherikka 35 yilga boshqaruvga beriladi.
Buxoroning yangi xalqaro aeroporti Buxoro tumanidagi Qumsulton massivida qurilmoqda. Iyun oyida yoʻlovchi terminalini qurish va boshqarish uchun xususiy sherikni tanlash boʻyicha xalqaro tenderning birinchi bosqichi yakunlandi: qiziqish bildirgan 51 ta kompaniyadan 6 tasi keyingi bosqichga oʻtdi. Loyiha xalqaro reyslarda soatiga 1200 nafar va ichki reyslarda 400 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega, maydoni 48,5 ming kv. m boʻlgan terminalni koʻzda tutadi. Bunda aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi.
Hududiy aeroportlar uchun xususiy sheriklik loyihalari kamida 2024 yildan beri muhokama qilinmoqda. Oʻshanda rasmiylar Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarini boshqarish va modernizatsiya qilishga xususiy sektorni jalb etish rejalarini eʼlon qilgan edi. Namangan aeroporti Namangan Air Solution kompaniyasi bilan DXSh asosida modernizatsiya qilinmoqda, Andijon aeroporti uchun esa xususiy operatorni jalb etish ustida ish olib borilmoqda.

