Mahalliy

Oʻzbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi xorijdan turib sodir etilmoqda — IIV

Oʻzbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi transchegaraviy xususiyatga ega boʻlib, chet eldan turib sodir etilmoqda. IIV firibgarlar odamlarning ishonuvchanligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanayotganini taʼkidlab, fuqarolarni kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

Oʻzbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi xorijdan sodir etilmoqda — IIV

Oʻzbekistonda deyarli har ikkinchi jinoyat axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilmoqda. Shu bilan birga, kiberjinoyatlarning 90 foizi transchegaraviy xususiyatga ega boʻlib, xorijdan turib sodir etilmoqda. Bu haqda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashrapov 7 oktyabr kuni aholiga yoʻllagan murojaatida maʼlum qildi.

«Bu raqamlar ortida minglab vatandoshlarimizning peshona teri bilan topgan mablagʻlari, oilalari farovonligi va xotirjamligi turibdi. Biroq ochiq aytish kerak: agar bunday jinoyatlarga qarshi kurashni faqat huquq-tartibot idoralari olib borsa, kutilgan natijalarga erishib boʻlmaydi», — dedi u.

«Firibgarlar asosan odamlarning ishonuvchanligi, beparvoligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanmoqda», — deb taʼkidladi Ramazon Ashrapov.

Vazir oʻrinbosari kiberxavfsizlikning asosiy qoidalarini sanab oʻtdi va jamoatchilikni ularni atrofdagilarga, bolalar va keksa qarindoshlarga tushuntirishga chaqirdi:

ijtimoiy tarmoqlardan shubhali va nomaʼlum fayllarni, ayniqsa APK formatidagi fayllarni, hatto ularni yaqin kishi yuborgan boʻlsa ham, ochmaslik va yuklab olmaslik;

turli idoralar xodimlari sifatida oʻzini tanishtirib, kod va parollarni soʻrayotgan notanish raqamlardan boʻlgan qoʻngʻiroqlarga ishonmaslik;

qisqa vaqt ichida kiritilgan mablagʻlarni bir necha barobar koʻpaytirishni vaʼda qiladigan onlayn-maydonchalar va soxta platformalarga ishonmaslik;

internet orqali xarid qilishda sotuvchining ishonchliligi tekshirilmaguncha oldindan toʻlovni amalga oshirmaslik;

bank kartasining PIN-kodini va telefonga kelgan SMS-kodni hech kimga maʼlum qilmaslik.

Oʻzbekiston IIV tizimida 2026 yil «Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yili» deb eʼlon qilindi. Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, birinchi yarim yillikda mamlakatda 9000 dan ortiq kiberjinoyat fosh etilgan, 13 mingdan ortiq fuqaroga 120,49 mlrd soʻm miqdoridagi zarar qoplab berilgan.

Yanvar oyida Oʻzbekiston prezidenti IIVning uch yil avval tashkil etilgan Kiberxavfsizlik markazi faoliyatida sezilarli natijalar yoʻqligini maʼlum qilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.