IIV va Markaziy bank kiberjinoyatlarga qarshi maxsus tizim yaratgani ma’lum bo‘ldi
Ushbu maxsus tizim yo‘lga qo‘yilgani natijasida 6 oyda 29 trln so‘m pul noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan. Shuningdek, 18 838 ta jinoyatga aloqador bank kartalari bloklangan.

IIV va Markaziy bank hamkorligida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish uchun maxsus tizim ishga tushirilgani ma’lum qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishida ta’kidlandi.
Vazirlik tizimida 2026-yil "Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili" deb e’lon qilingan bo‘lib, bu yo‘nalishda profilaktik choralar sezilarli darajada kuchaytirilgan.
Qayd etilishicha, Markaziy bank bilan birgalikda yaratilgan ushbu maxsus tizimning joriy etilishi natijasida 29 trillion so‘m miqdoridagi pul mablag‘larining noqonuniy ravishda mamlakatdan chiqib ketishining oldi olindi. Shuningdek, jinoyatlarga aloqador bo‘lgan 18 838 ta bank kartasi bloklandi.
O‘tgan olti oy davomida jami 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan, shundan 4 011 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlangan. Bundan tashqari, 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120 milliard 496 million so‘mdan ziyod moddiy zarar qoplangan.
Yig‘ilishda amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emasligi tanqid ostiga olindi. Xususan, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni har tomonlama va chuqur o‘rganish, kiberjinoyatlarning sodir etilish sabablari va ularga imkon beruvchi omillarni chuqur tahlil qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.

