Oʻzbekistonda yuk vagonlari parki yuqori talab va eskirish tufayli kengaytiriladi — vazir
Oʻzbekistonda yuk vagonlari parkini biznesning yuqori talabi va harakatlanuvchi tarkib bir qismining sezilarli darajada eskirgani fonida kengaytirish rejalashtirilmoqda. Transport vazirligi buni temir yoʻl sohasining oʻsish nuqtalaridan biri deb atamoqda. Shu bilan birga, rasmiylar Toshkent — Samarqand alohida yuqori tezlikdagi yoʻnalishi boʻyicha takliflar tayyorlamoqda.

Oʻzbekistonda yuk vagonlari parki yuqori talab va eskirish tufayli kengaytiriladi — vazir
Oʻzbekistonda ishlab chiqaruvchilar va savdo kompaniyalari tomonidan yuqori talab mavjudligi fonida yuk vagonlari parkini koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.
«Temir yoʻl transportidagi oʻsish nuqtalaridan biri — bu yuk vagonlari parkini koʻpaytirishdir. Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar va savdo bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar tomonidan ularga yuqori talab mavjud. Bundan tashqari, vagonlarning sezilarli qismi eskirgan», — dedi u.
Vazirning soʻzlariga koʻra, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻl magistrali ishga tushirilgandan soʻng temir yoʻl infratuzilmasiga qoʻshimcha ehtiyoj paydo boʻladi.
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev ham 2026 yilda Toshkent — Samarqand yoʻnalishidagi toʻqqizta stantsiya rekonstruktsiya qilinganini, 15 sentyabrda esa 28 kilometrlik Xovos — Dashtabod elektrlashtirilgan uchastkasi foydalanishga topshirilganini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, joriy yilda Navoiy — Buxoro yoʻnalishida yuqori tezlikdagi harakat uchun 96 kilometrlik temir yoʻl infratuzilmasi foydalanishga topshirildi.
«Prezident Toshkent — Samarqand alohida yuqori tezlikdagi temir yoʻl liniyasi qurilishiga alohida eʼtibor qaratdi. Ushbu masala boʻyicha yil yakuniga qadar tegishli taklif va hisobotlarni tayyorlaymiz», — dedi u.
Narzullayev, shuningdek, orttirilgan tajribadan keyinchalik mamlakat ichidagi yuqori tezlikdagi temir yoʻl loyihalarida foydalanish uchun Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishida oʻzbekistonlik mutaxassislar ishtirok etishi zarurligini taʼkidladi.
Iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy sektor ishtirokida hamkor davlatlardan 10 mingta boʻsh yuk vagonini jalb qilish ustida ishlash boʻyicha topshiriq bergan edi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakat tashqi savdo yuklarining qariyb 70 foizi yoki 46 mln tonnasi temir yoʻl orqali tashiladi, biroq biznes vakillari hali ham vagonlar yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. Ikkinchi yarim yillikda yana 1300 ta vagon ishlab chiqarish rejasi yetarli emas deb topilgan.
Shuningdek, rasmiylar temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish uchun Jahon bankining 200 mln dollar mablagʻini jalb qilishni rejalashtirmoqda. 2030 yilgacha 151 km yangi yoʻllar qurish, 182 km mavjud liniyalarni elektrlashtirish va 27 ta stantsiyani modernizatsiya qilish koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkonini beruvchi Naxichevan temir yoʻli qurilishida ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Avvalroq Ozarbayjon loyihani amalga oshirish uchun xalqaro konsortsium tuzishni taklif qilgan edi.

