Oʻzbekistonda uy-joy savdosi yetti oyda 21 foizga oʻsdi

Oʻzbekistonda uy-joy savdosi yetti oy ichida 21 foizga oshdi
Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozori sezilarli o‘sishni namoyon qilmoqda. Bu borada Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqot o‘tkazdi.
Tahlilga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida mamlakatda 26,3 mingta uy-joy oldi-sotdi qilingan. Savdolar hajmi iyun oyiga nisbatan 4 foizga ko‘paygan.
Joriy yil boshidan buyon bozorda qariyb 197,4 mingta uy-joy savdosi amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga qaraganda 34,3 mingtaga yoki 21 foizdan ziyodga yuqori.
“Ushbu dinamika bozorda yuqori faollik saqlanib qolayotgani va koʻchmas mulkka boʻlgan talab barqaror ekanidan dalolat beradi”, deyiladi tahlilda.
Tahlilda ko‘chmas mulk sotuvlarining ortishi mamlakatning aksariyat hududlarida kuzatilgani qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahri (31,6 foiz), Sirdaryo (30,7 foiz) va Navoiy viloyatida (25,5 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida, ushbu hududlardagi ko‘rsatkichlar respublikadagi o‘rtacha o‘sish sur’atidan yuqori hisoblanadi.

