Oʻzbekistonda umra safarlarini noqonuniy tashkil etishning ikkita holati aniqlandi

Oʻzbekistonda umra safarlarini noqonuniy tashkil etish bilan bogʻliq ikkita holat aniqlandi
Toshkent va Fargʻona viloyatlari huquq-tartibot idoralari Saudiya Arabistoniga noqonuniy safarlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq yangi holatlarni aniqladi. Tashkilotchilar zarur litsenziya va ruxsatnomalarga ega boʻlmay turib, fuqarolarga umra ziyoratiga borishni taklif qilgan.
Xususan, Toshkent tumanida 42 yoshli erkak poytaxtlik fuqaroga tanishlari orqali 1,1 ming dollar evaziga ziyorat tashkil etib berishni vaʼda qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX), Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIV xodimlari uni 1 ming dollar va 1,2 million soʻmni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga oldi.
Ikkinchi holat Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanida qayd etildi. Mahalliy turistik firma menejeri 2,2 ming dollar olayotgan vaqtida ushlandi. U ushbu pullar evaziga Uchkoʻprik tumanida yashovchi ikki fuqaroni umra ziyoratiga yuborishni vaʼda qilgan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Saudiya Arabistoni rasmiylari umra ziyoratini amalga oshiruvchi ziyoratchilar uchun mamlakatga kirish qoidalarini oʻzgartirgan edi. Endilikda chet elliklar yangi umra vizasi bilan yil davomida bir necha bor qirollikka tashrif buyurishlari mumkin.
Har bir safardan oldin ziyoratchilar Nusuk platformasi orqali umra ziyoratini amalga oshirish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishlari lozim. Shuningdek, ushbu platformada mehmonxona, transport va safar bilan bogʻliq boshqa xizmatlarni oldindan tanlash talab etiladi.

