Toshkent va Farg‘onada umraga yuborishini aytib, firibgarlik qilganlar ushlandi

Toshkent va Farg‘onada umra ziyoratini tashkil etishni va’da qilib, fuqarolarni aldagan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Toshkent shahrida 1981-yilda tug‘ilgan bir shaxs, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, o‘zini umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilgan sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirgan. U uch nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga yuborish va ularning muqaddas amallarni to‘liq bajarishini ta’minlash evaziga jami 3450 dollar talab qilgan. DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur shaxs 3400 dollar va 600 ming so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Farg‘ona shahrida esa 1998-yilda tug‘ilgan boshqa bir shaxs o‘z tanishlari orqali to‘rt nafar fuqaroni umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, jami 4200 dollar talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yilda umra ziyoratini noqonuniy amalga oshirish bilan bog‘liq 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, litsenziyasiz faoliyat yuritgan 47 ta va reklama qonunchiligini buzgan 15 ta sayyohlik tashkilotiga jarimalar qo‘llanilgan.
Hukumat qaroriga binoan, 2026-yil 1-maydan boshlab umra tadbirlari portalda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga ruxsat berilmaydi.

