Oʻzbekistonda uch davlat maxsus kuchlari jamlandi: «Abadiy birodarlik – V» mashqlari oʻtkazildi
Oʻzbekistonda Ozarboyjon, Oʻzbekiston va Turkiya maxsus kuchlari ishtirokida «Abadiy birodarlik – V» koʻpmillatli qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. Harbiylar togʻli hududlar va aholi punktlarida jangovar harakatlar olib borish, shartli dushman ortiga oʻtish hamda garovdagilarni ozod qilish vazifalarini mashq qildi.

Oʻzbekistonda uch davlatning maxsus kuchlari jamlandi: «Abadiy birodarlik – V» mashqlari oʻtkazildi
Ozarboyjon Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, mashgʻulotlar mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, harbiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Asosiy eʼtibor uch mamlakat maxsus boʻlinmalari oʻrtasida tajriba almashish, qoʻshma operatsiyalarni rejalashtirish va oʻtkazishda oʻzaro muvofiqlashgan harakatlarni takomillashtirishga qaratildi.
Mashgʻulotlar rejasi asosida ishtirokchilar togʻli hududlar va aholi punktlarida jang olib borish boʻyicha vazifalarni bajardi. Shuningdek, shartli dushman ortiga kirib borish, razvedka-qidiruv ishlarini amalga oshirish va muhim obyektlarni egallash harakatlari mashq qilindi.
Terrorizmga qarshi operatsiyalar doirasida garovga olinganlarni ozod qilish hamda strategik obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha oʻquv vazifalari ham bajarildi. Harbiy xizmatchilar kunduzgi va tungi sharoitda turli kalibrdagi oʻqotar qurollar, snayperlik miltiqlari hamda maxsus vositalardan oʻq otish mashqlarini oʻtkazdi.
Ozarboyjon Mudofaa vazirligi mamlakat harbiy xizmatchilari mashgʻulotlarda yuqori darajadagi jangovar tayyorgarlik va professional mahoratni namoyish etganini qayd etdi.
Mashgʻulotlarning yakuniy bosqichini tadbir rahbariyati bilan birga kuzatgan Ozarboyjon Maxsus operatsiyalar kuchlari qoʻmondoni general-mayor Alakbar Jahongirov ozarbayjonlik maxsus kuchlar harbiy xizmatchilarining koʻnikmalari va tayyorgarlik darajasini yuqori baholadi.
Yakunda belgilangan vazifalarni bajarishda alohida oʻrnak koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar taqdirlandi. Ishtirokchilar birgalikda esdalik suratiga tushdi.

