“Birlik kuchi — 2026”: O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi
Ozarbayjonda Turkiya va O‘zbekiston bilan birgalikda 3 davlatdan iborat 'Birlik kuchi — 2026' qo‘shma mashg‘ulotlari boshlandi. 1-oktabrga qadar davom etadigan uch bosqichli mashg‘ulotlar gibrid tahdidlarga qarshi kurashish hamda qo‘shinlarning jangovar hamjihatligini oshirishga qaratilgan.

“Birlik kuchi — 2026”: O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi
Ozarbayjonning Qorabog‘ iqtisodiy hududidagi “Qizilgaya” o‘quv-mashg‘ulot markazida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston harbiylari ishtirokida “Birlik kuchi — 2026” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlariga start berildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mashg‘ulotlarda uch davlatning Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, jangovar texnika, harbiy-dengiz floti va aviatsiya vositalari, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari qatnashadi.
“Bundan asosiy maqsad — qo‘shma operatsiyalarga tayyorgarlik darajasini oshirish, qo‘shinlarning o‘zaro hamjihatligini yaxshilash va o‘quv-mashg‘ulot tartib-qoidalarini standartlashtirish, shuningdek, bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini rivojlantirish”, — deyiladi xabarda.
Uch bosqichli mashg‘ulotlar “Qizilgaya” o‘quv-mashg‘ulot markazidan tashqari, Naxichevan Muxtor Respublikasidagi “Qorabog‘lar” o‘quv-mashg‘ulot markazi va Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi “Buyuk Zira” o‘quv-mashg‘ulot maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Turkiya Milliy mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar 21 senyatbrda boshlanib, 1-oktabrda yakunlanishini bildirdi.
“O‘quv-mashg‘ulotning maqsadi gibrid tahdidlarga qarshi kurashish, hamkor davlatlar qurolli kuchlari bilan birgalikda qo‘shma operatsiyalarni rejalashtirish va amalga oshirishdan iborat”, — deb qo‘shimcha qildi vazirlik.

