Oʻzbekistonda tibbiyot xodimlari uchun davlat mukofoti taʼsis etiladi

Oʻzbekistonda tibbiyot xodimlari uchun davlat mukofoti taʼsis etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari uchun davlat mukofotini taʼsis etishni taklif qildi. U Ibn Sino nomi bilan ataladi.
Davlat rahbari ushbu tashabbus bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda chiqdi. Mukofotni insonlar salomatligi haqida qaygʻurayotgan hamda ilgʻor ilmiy ishlanmalar va davolash usullarini joriy etayotganlarga topshirish rejalashtirilmoqda.
Davlat rahbari yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabrikladi va mehnatlari uchun minnatdorlik bildirdi. U tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi oʻzgarishlarda 800 mingdan ortiq xodimning munosib hissasi borligini taʼkidladi.
Yaqinda soha xodimlaridan bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisida farmon imzolangan edi. Ular orasida nafaqat shifokorlar, balki tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ham bor. Uchrashuvda prezident ularga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda 2026–2036 yillarda tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirishning yagona master-rejasi ishlab chiqilishi maʼlum boʻldi. Prezident uni tayyorlash va sogʻliqni saqlashda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

