Oʻzbekistonda Pokiston ishtirokida islomiy bank tashkil etilishi mumkin
Pokistonning Nishat Group biznes guruhi Oʻzbekistonda islomiy bank tashkil etish va mehmonxona sohasida investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Muzokaralar yakunida kompaniya rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning Oʻzbekistonga safarini tashkil etishga kelishib olindi.

Oʻzbekistonda Pokiston ishtirokida islomiy bank ochilishi mumkin
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, bu masalalar Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev bilan Nishat Group bosh direktori Muhammad Mansha oʻrtasidagi videokonferensiyada muhokama qilingan.
Muloqot chogʻida mehmonxona biznesi, toʻqimachilik sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash hamda islom moliyasi yoʻnalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqilgan.
Muhammad Mansha kompaniyaning Lahor va Londonda mehmonxonalari mavjudligini, 2026-yil noyabrida esa Islomobodda yangi mehmonxona ishga tushirilishini aytgan. U Oʻzbekistonda turizm rivojlanayotgani va mehmonxonalarga talab yuqoriligini hisobga olib, bu sohada investitsiya loyihasini amalga oshirish kompaniya uchun foydali boʻlishini bildirgan.
Nishat Group vakillari Oʻzbekistonda islomiy bank tashkil etish imkoniyatlarini oʻrganishga ham qiziqish bildirgan. Kompaniya Pokistonda islomiy banking boʻyicha katta amaliy tajribaga ega ekani qayd etilgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi qonunchilik va litsenziyalash talablari asosida alohida islomiy bank ochish yoki mahalliy hamkorlar bilan qoʻshma bank loyihasini yoʻlga qoʻyish variantlari koʻrib chiqilishi maʼlum qilingan.
Muzokaralar yakunida kompaniya rahbariyati va mutaxassislarining Oʻzbekistonga safarini tashkil etishga kelishib olingan.
Nishat Group Pokistonning eng yirik biznes guruhlaridan biri boʻlib, toʻqimachilik, bank-moliya xizmatlari, qurilish materiallari, sugʻurta, energetika, mehmonxona biznesi, koʻchmas mulk, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik va aviatsiya sohalarida faoliyat yuritadi.
Guruh tarkibiga Nishat Mills Limited, MCB Bank Limited, MCB Islamic Bank Limited, D.G. Khan Cement Company Limited, Adamjee Insurance, Nishat Power Limited, Nishat Hotels and Properties, Nishat Dairy hamda Hyundai Nishat Motor kabi kompaniyalar kiradi.

