Oʻzbekistonda pedagoglar bolalarni haqorat qilgani uchun jarimaga tortila boshlanadi

Oʻzbekistonda pedagoglar bolalarni haqorat qilgani uchun jarimaga tortila boshlanadi
Oʻzbekistonda taʼlim tashkilotlari xodimlari uchun voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik ishlatish, ularni kamsitish va haqorat qilish uchun maʼmuriy javobgarlik joriy etildi. Bunday huquqbuzarliklar uchun jarima va bir yil muddatga kasbiy faoliyat bilan shugʻullanishni taqiqlash koʻzda tutilgan.
Tegishli oʻzgartirishlar 1174-sonli qonun bilan mustahkamlandi. Agar bolalar tarbiyasi va taʼlimi uchun masʼul boʻlgan xodim voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jismoniy zoʻravonlik ishlatsa, uni kamsitsa yoki haqorat qilsa va bunda uning harakatlarida jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik alomatlari boʻlmasa, unga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bolalarga nisbatan jismoniy yoki psixologik zoʻravonlik bilan bogʻliq huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan pedagoglar bir yil davomida bogʻchalarda, umumtaʼlim va oʻrta maxsus muassasalarida, shuningdek, professional va qoʻshimcha taʼlim tashkilotlarida ishlay olmaydilar.
Shu qonun bilan aliment toʻgʻrisidagi normalarga ham tuzatishlar kiritildi. Endilikda bola toʻliq davlat yoki nodavlat taʼminotida boʻlsa ham, ota-ona ushbu toʻlovlardan ozod etilmaydi. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar foydasiga undiriladigan aliment miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari ham ishtirok etadi.
Bundan avval Oʻzbekiston bolalar ombudsmani vasiylik, taʼlim va bolalar xavfsizligi masalalari boʻyicha fuqarolarning shaxsiy qabulini oʻtkazgan edi. Murojaatlar orasida ota-onalik majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik, bolaning taʼlim olish huquqining buzilishi va maktabgacha taʼlim muassasasida uning sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi boʻyicha shikoyatlar bor edi.

