Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqi 7 million soʻmdan oshdi. U qayerda eng tez oʻsdi

Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqi 7 million soʻmdan oshdi. U qayerda eng tez oʻsdi
2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik ish haqi 7,1 million soʻmga yetdi. Real ish haqi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 10,9 foizga oshdi. Bu soʻnggi yillardagi eng yuqori oʻsish surʼatidir.
Markaziy bankning mehnat bozori sharhida aytilishicha, yanvar-iyun oylarida nominal ish haqi yillik hisobda 18,4 foizga oshgan. Shu bilan birga, real daromadlar ish haqining oʻsishi hisobiga emas, balki inflyatsiyaning sekinlashishi tufayli ortib bormoqda. Nominal va real oʻsish oʻrtasidagi farq 2026 yil 1 iyul holatiga koʻra 7,5 foizgacha qisqardi.
Ish haqi eng tez transport va saqlash (22,8 foiz), ijtimoiy xizmatlar (20,2 foiz) hamda qurilish (19,9 foiz) sohalarida oʻsgan.
Eng yuqori oʻrtacha ish haqi hamon moliya va sugʻurta sohasida (19,1 million soʻm), shuningdek, axborot va aloqa sohasida (17,4 million soʻm) kuzatildi.
Eng past koʻrsatkichlar qishloq xoʻjaligi (3,5 million soʻm) va ijtimoiy xizmatlar (4,7 million soʻm) sohalarida qayd etildi.
Hisobotga koʻra, ikkinchi chorakda real ish haqining eng sezilarli oʻsishi Jizzax viloyati (13,3 foiz), Namangan viloyati (11,8 foiz) va Toshkent shahrida (10,7 foiz) kuzatilgan.
Toshkent viloyatida real ish haqi 10,5 foizga, Qashqadaryoda — 9,7 foizga, Samarqandda — 9,5 foizga, Buxoroda — 9,4 foizga, Sirdaryoda — 9,3 foizga, Navoiyda — 9,0 foizga, Xorazmda — 8,8 foizga oshgan.
Qoraqalpogʻiston va Surxondaryo viloyatida oʻsish 8,6 foizdanni, Fargʻona viloyatida esa 8,5 foizni tashkil etdi.
Eng past koʻrsatkich Andijon viloyatida (7,9 foiz) qayd etildi.
Markaziy bankning qayd etishicha, 2026 yilda real ish haqining oʻsishi yanada bir tekis tus oldi: u barcha hududlarda kuzatildi, oʻsish surʼatlaridagi farqlar esa oʻtgan yillarga nisbatan qisqardi.
Shuningdek, regulyator yuqori maosh toʻlanadigan tarmoqlarda ish haqi oʻsishi barqarorlashganini, ayrim past maoshli sohalarda — ijtimoiy xizmatlar va qishloq xoʻjaligida esa tezlashganini koʻrsatmoqda. Markaziy bank baholashicha, bu daromadlar oʻrtasidagi farqning sekin-asta qisqarayotganidan dalolat beradi.

