Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning 72,5 foizi ayollar - qaysi hududda ustozlar koʻp?
Oʻzbekistonda 2025-2026 oʻquv yili boshida maktab oʻqituvchilari soni 577,7 ming nafarni tashkil etgan. Ularning 72,5 foizi ayollar boʻlib, eng koʻp oʻqituvchi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida faoliyat yuritgan.

Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning 72,5 foizi ayollar — qaysi hududda ustozlar koʻp?
Milliy statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlaridagi oʻqituvchilar soni 2024-2025 oʻquv yiliga nisbatan 12,8 ming nafarga, yaʼni 2,3 foizga oshgan. Hisob-kitobga oʻrindoshlik asosida ishlaydigan oʻqituvchilar kiritilmagan.
Oʻqituvchilarning 418,8 ming nafari ayollar, 158,9 ming nafari erkaklar. Ularning jami oʻqituvchilar sonidagi ulushi mos ravishda 72,5 va 27,5 foizni tashkil etgan.
Hududlar kesimida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari yetakchilik qilmoqda — har ikkala hududda 65,1 ming nafardan oʻqituvchi faoliyat yuritgan. Keyingi oʻrinda 60,6 ming nafar oʻqituvchi bilan Fargʻona viloyati qayd etilgan.

