Oʻzbekistonda oʻlatga qarshi tayyorgarlik choralari kuchaytirildi
Rossiyada oʻlatga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimasining pnevmoniyadan vafot etishi oʻlat haqidagi mish-mishlarni keltirib chiqardi. Oʻzbekiston sanitariya-epidemiologiya xizmati Irkutskdagi vaziyatni kuzatib borayotgani va ehtimoliy xavfni inobatga olib, tayyorgarlik choralarini kuchaytirganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, Sanepid aholini tasdiqlanmagan xabarlar yuzasidan vahimaga tushmaslikka chaqirmoqda.

**Oʻzbekistonda oʻlatga qarshi tayyorgarlik choralari kuchaytirildi**
Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi Shelexov shahrida yashagan, Irkutskdagi oʻlatga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimasi boʻlgan 28 yoshli Darya Shipilova 29-sentabr kuni ogʻir pnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilgan va 1–2-oktabr oraligʻida vafot etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda uning laboratoriyada oʻlat qoʻzgʻatuvchisi bilan ishlash chogʻida probirkani sindirib yuborgani haqidagi versiya tarqaldi. Biroq bu maʼlumot rasman tasdiqlanmagan.
Marhuma bilan aloqada boʻlgan fuqarolarning karantinga olingani haqidagi xabarlar Irkutskda oʻlat tarqalayotgani borasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Ushbu xabarlar Oʻzbekistonda ham muhokamalarga sabab boʻldi.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Botir Qurbonov vaziyatga izoh berib, tegishli ehtiyot choralari kuchaytirilganini bildirdi.
“Oʻlat kasalligi oʻta xavfli yuqumli kasallik boʻlib, turli yoʻllar bilan yuqishi mumkin. Hozir eʼtiborimizdagi holat – oʻpka shakli. Bu odamdan odamga yuqishi mumkin. Yaʼni odam nafas chiqarganda havo orqali kasallik yuqishi mumkin”, – dedi u.
Qurbonovning aytishicha, Irkutskda vafot etgan bemor davolangan statsionar shifoxona karantinga olingan, u yerda marhuma bilan aloqada boʻlgan 200 nafarga yaqin shaxs kuzatuv ostida boʻlgan. Oʻzbekiston sanitariya-epidemiologiya xizmati ham vaziyatga doir xabarlarni kuzatib bormoqda.
“Hozir biz ular bilan bogʻliq xabarlarni kuzatib boryapmiz. Birortasida isitma, pnevmoniyaga oʻxshash yoʻtal yoki nafas yoʻllari bilan bogʻliq turli shikoyatlar boʻyicha murojaatlar boʻlmagan”, – dedi Qurbonov.
**Oʻlat tashxisi tasdiqlanmagan**
Rospotrebnadzor maʼlumotiga koʻra, marhumaning biologik namunalarida uning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq mikroorganizmlar aniqlanmagan. Unga nomaʼlum etiologiyali pnevmoniya tashxisi qoʻyilgan.
Shu tariqa, oʻlat yuqqani yoki laboratoriyada avariya sodir boʻlgani haqidagi versiyalar rasman tasdiqlanmagan. Hodisa yuzasidan Rossiyaning tegishli idoralari tekshiruv olib borayotgani xabar qilingan.

