Irkutskdagi kasallik gumoni: Oʻzbekistonda xizmatlar tayyorgarligi kuchaytirildi
Rossiyaning Irkutsk viloyatida oʻta xavfli yuqumli kasallikka gumon qilingan holat haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy axborot berildi. Oʻzbekistonda bunday kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun tegishli xizmatlar tayyorgarligi kuchaytirilgan.

Irkutskdagi kasallik gumoni: Oʻzbekistonda xizmatlar tayyorgarligi kuchaytirildi
Rasmiy maʼlumotga koʻra, Irkutsk viloyatidagi holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar va ayrim axborot manbalarida turli xabarlar tarqalmoqda. Vaziyat Rossiyaning vakolatli idoralari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali doimiy ravishda kuzatib borilmoqda.
Xususan, kasallik tashxisi laboratoriyada tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yoʻllari oʻrganilmoqda. Shuningdek, bemorning harakatlanish yoʻnalishi hamda u bilan muloqotda boʻlgan shaxslarga doir maʼlumotlar ham aniqlashtirilmoqda.
Eʼlon qilingan axborotda kasallik nomi oshkor etilmagan va tashxis laboratoriyada tasdiqlangani haqida xulosa berilmagan.
Ayni paytda Oʻzbekiston hududiga oʻta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgani bildirildi.
Fuqarolarga tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik va maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali kuzatib borish tavsiya etildi.
Epidemiologik vaziyat oʻzgarsa, jamoatchilikka belgilangan tartibda qoʻshimcha axborot beriladi.

