Oʻzbekistonda oʻgʻil bolalar koʻp tugʻilyaptimi yoki qizlar? Oxirgi 16 yillik tahlili
2010-yildan 2025-yilgacha Oʻzbekistonda jami 12 mln 486 ming 844 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Ulardan 6 mln 482 ming 375 nafari oʻgʻil, 6 mln 4 ming 469 nafari qiz bolalardir. 16 yillik umumiy koʻrsatkich boʻyicha butun respublikada oʻgʻil bolalar qizlarga nisbatan 477 ming 906 nafarga (7,96 foizga) koʻp tugʻilgan. Bu har 100 nafar qiz chaqaloqqa oʻrtacha 108 nafar oʻgʻil bola toʻgʻri kelayotganini anglatadi.

Oʻzbekistonda oʻgʻil bolalar koʻproq tugʻilyaptimi yoki qizlar? Soʻnggi 16 yillik tahlil
Har yili Oʻzbekistonda yuz minglab chaqaloq dunyoga keladi. Ularning umumiy soni mamlakatdagi demografik vaziyat haqida maʼlumot bersa-da, tugʻilgan bolalarning jinsi bo‘yicha nisbat ham muhim ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Chunki oʻgʻil va qiz bolalar sonidagi tafovut vaqt o‘tishi bilan jamiyatning demografik tarkibiga sezilarli taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Kun.uz ochiq maʼlumotlar asosida 2010-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda jinslar bo‘yicha tug‘ilishlar soni va hududlardagi holatni tahlil qildi.
2010-2025 yillar oralig‘ida Oʻzbekistonda doimiy ravishda oʻgʻil bolalar qizlarga qaraganda ko‘proq tug‘ilgan. Bu boradagi eng yuqori tafovut 2018-yilda (10,4 foiz), eng past tafovut esa 2025-yilda (7 foiz) qayd etilgan.
Hisobot davrida Oʻzbekistonda jami 12 mln 486 ming 844 nafar chaqaloq tug‘ilgan. Shundan 6 mln 482 ming 375 nafari oʻgʻil, 6 mln 4 ming 469 nafari qiz bolalardir. 16 yillik jamlangan ko‘rsatkichga ko‘ra, butun respublikada oʻgʻil bolalar qizlarga nisbatan 477 ming 906 nafarga (7,96 foizga) ko‘proq tug‘ilgan. Bu har 100 nafar qiz chaqaloqqa o‘rtacha 108 nafar oʻgʻil bola to‘g‘ri kelishini anglatadi.
2010-2025 yillar oralig‘ida oʻgʻil bolalarning qizlarga nisbatan ustunligi bo‘yicha Qashqadaryo viloyati (8,98 foiz) mutlaq birinchi o‘rinni egallagan. Bu yerda har 100 nafar qiz bolaga 109 nafar oʻgʻil bola to‘g‘ri keladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda Namangan (8,64 foiz) hamda Jizzax (8,33 foiz) viloyatlari joylashgan.
Nisbatan muvozanatli ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida (6,76 foiz) qayd etilgan. Shuningdek, Navoiy (7,27 foiz), Farg‘ona viloyatlari (7,40 foiz) va Toshkent shahrida (7,48 foiz) ham o‘rtacha ko‘rsatkich respublika darajasidan pastroq shakllangan. Hududlar orasida jami tug‘ilishlar soni bo‘yicha ham, oʻgʻil va qiz bolalar o‘rtasidagi mutlaq son farqi bo‘yicha ham Samarqand viloyati yetakchilik qilgan.
Tuman va shaharlar kesimida tahlil qilinsa, eng katta gender tafovut Ohangaron shahrida kuzatilgan — 16,4 foiz (tug‘ilgan oʻgʻil bolalar soni qiz bolalarga nisbatan shuncha foizga ko‘proq). Shuningdek, Bekobod shahri (12,1 foiz), Soʻx (11,4 foiz), Koʻkdala (11,3 foiz) va Koson tumanlarida (10,9 foiz) ham bu ko‘rsatkich juda yuqori hisoblanadi.

