Oʻzbekistonda Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasi tuziladi
Komissiya 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlaridagi maʼlumotlarni boshqarish tizimlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yagona yondashuvni shakllantirishi kerak. 2027-yil 1-iyulgacha Milliy maʼlumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishga qaratilgan rejalar muhokama qilindi.
Ushbu rejalar doirasida tadbirkorlarning hisobot yukini 20 foizga kamaytirish, maʼmuriy va muqobil maʼlumot manbalari sonini 1,7 barobarga oshirish, ularni qayta ishlash vaqtini 20 foizga, xarajatlarni esa 25 foizga qisqartirish koʻzda tutilgan.
Maʼlumotlarni boshqarishda yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasini tuzish taklifi ilgari surildi.
Komissiya joriy yilning 1-dekabriga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi maʼlumotlarni boshqarish tizimlarini toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazadi. Shuningdek, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.
2027-yil 1-iyulga qadar Milliy maʼlumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu platforma maʼlumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini taʼminlash, tahlil qilish va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Ochiq maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq maʼlumotlar reytingi”ni joriy etish taklif qilindi.
Statistika sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Maʼlumotlarga asoslangan boshqaruv maktabini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ushbu maktabda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, ommaviy axborot vositalari, tadqiqotchilar va talabalar uchun maʼlumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya boʻyicha oʻquv dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.
Milliy statistika tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham kengaytiriladi. 2027-yil 1-iyulga qadar statistik maʼlumotlar sunʼiy intellekt tizimlari oʻqiy oladigan formatlarda eʼlon qilinadi. Statistik koʻrsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sunʼiy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid maʼlumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.

