Oʻzbekistonda energiya saqlash tizimlari uchun soliq imtiyozlari va biznesning elektr tarmoqlaridagi ishtiroki kengaytiriladi
Oʻzbekistonda energiyani saqlash loyihalari uchun oʻn yillik soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibiga aniqlik kiritilib, ular podstantsiyalar va yordamchi infratuzilmaga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarini boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekistonda energiya toʻplagichlar uchun soliq imtiyozlarini kengaytirish va elektr tarmoqlarida biznes ishtirokini oshirish moʻljallanmoqda
Oʻzbekistonda energiyani saqlash loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, taqsimlovchi elektr tarmoqlarida xususiy biznes ishtirokini kengaytirish va energiya tejamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 16 oktyabr kuni yoqilgʻi-energetika sektori investorlari bilan ochiq muloqotda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
Xususan, prezident elektr energiyasini toʻplash loyihalari uchun amaldagi soliq imtiyozlarini qoʻllashda turlicha talqinlar mavjudligini koʻrsatib oʻtdi.
Qonunchilikda bunday loyihalar uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha 10 yillik imtiyozlar koʻzda tutilgan. Biroq amaliyotda aynan qaysi infratuzilma obʼyektlari soliqdan ozod qilinishi boʻyicha savollar tugʻilmoqda.
Turlicha talqinlarni bartaraf etish uchun Soliq kodeksida imtiyozlar nafaqat akkumulyatorlar yoki quyosh panellari egallagan maydonlarga, balki zarur podstantsiyalar, boshqaruv binolari va yordamchi infratuzilmaga ham tatbiq etilishini toʻgʻridan-toʻgʻri mustahkamlab qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Prezident shuningdek, taqsimlovchi elektr tarmoqlarida xususiy kompaniyalar ishtirokini kengaytirish rejalari haqida ham maʼlum qildi.
Joriy etilishi Samarqand viloyatida boshlangan yondoshuvni Jizzax va Toshkent viloyatlariga ham yoyish rejalashtirilmoqda.
Elektr energiyasi yoʻqotishlarini kamaytirish va isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsad sifatida qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz, Samarqand viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida taqsimlovchi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi allaqachon amalga oshirilmoqda.
Prezidentning 2026 yil 14 avgustdagi qarori bilan loyihani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlangan boʻlib, ular doirasida xususiy sherikka viloyatning taqsimlovchi tarmoqlarini boshqarish va ekspluatatsiya qilish huquqi beriladi. Uning majburiyatlariga tarmoqlarni modernizatsiya qilish va rekonstruktsiya qilish, ularning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, yangi isteʼmolchilarni ulash va investitsiyalarni jalb qilish kiradi.
Investorlar tejab qolingan elektr energiyasidan daromad olishlari mumkin boʻladi
Uchrashuvda energiya samaradorligini oshirishga xususiy kapitalni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi. «Eng arzon energiya — bu tejab qolingan energiyadir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda ijtimoiy soha obʼyektlari va suv xoʻjaligi nasos stantsiyalarini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalar jalb etiladi.
Bunda investorlarga tejab qolingan elektr energiyasi va uglerod kreditlari hisobidan daromad olish imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yilning iyun oyida Suv xoʻjaligi vazirligi quyosh generatsiyasi va energiyani toʻplash tizimlarini joriy etgan holda 19 ta yirik nasos stantsiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida bitimlar tuzgan edi. Loyihaning umumiy qiymati taxminan 940 mln dollarga baholanmoqda, uni amalga oshirish 2027−2030 yillarga moʻljallangan.
Uchrashuvda prezident, shuningdek, 2030 yilgacha 5000 km elektr tarmoqlari va 16 ta yirik podstantsiya qurish rejalarini tasdiqladi. Elektr energiyasini saqlash tizimlari quvvatini 4,5 GVt ga yetkazish koʻzda tutilmoqda.
Loyihalarning katta qismi Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladi.
Kelgusida elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va saqlashni birlashtirgan kompleks loyihalarga ustuvorlik beriladi. Hokimiyat organlari, shuningdek, energiyani uzoq vaqt saqlashga moʻljallangan gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stantsiyalari qurilishida investorlar bilan hamkorlik qilish niyatida.
Bundan tashqari, prezident Ozarbayjon va Qozogʻiston bilan birgalikda Kaspiy dengizi orqali Yevropaga «yashil» elektr energiyasini eksport qilish loyihasi amaliy bosqichga oʻtayotganini maʼlum qildi. Afgʻoniston va Janubiy Osiyo bozorlari ham istiqbolli yoʻnalishlar sifatida aytib oʻtildi.

