Oʻzbekistonda 2027 yildan boshlab gibrid issiqlik taʼminoti tizimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekiston rasmiylari tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar yuz bergan taqdirda issiqlik taʼminotining bir nechta variantlarini koʻrib chiqmoqda. Ular orasida elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, issiqlik nasoslari bor. «Issiqliktaʼminoti» rahbarining soʻzlariga koʻra, gibrid tizimlarga oʻtishni 2027 yilda boshlash rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda 2027 yildan boshlab gibrid issiqlik taʼminoti tizimlarini joriy etishni boshlash niyat qilinmoqda
2027 yildan boshlab Oʻzbekistonda bir nechta energiya va yonilgʻi manbalarida ishlaydigan gibrid issiqlik taʼminoti tizimlariga bosqichma-bosqich oʻtish rejalashtirilmoqda.
14 oktyabr kuni bu haqda «Issiqliktaʼminoti» boshqaruvi raisi Ilhom Toʻrayev maʼlum qildi.
Matbuot anjumanida issiqlik taʼminoti tizimining tabiiy gaz yetkazib berishdagi mumkin boʻlgan uzilishlaga tayyorligi muhokama qilindi. Xususan, gaz tanqisligi yoki uni yetkazib berish toʻxtatilgan taqdirda isitish uchun qanday muqobil energiya manbalari va texnologik yechimlar qoʻllanilishi mumkinligi haqida soʻz bordi.
Savolga javob berar ekan, Ilhom Toʻrayev hozirda Oʻzbekiston issiqlik taʼminotini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilayotganini aytdi. Jahon banki koʻmagida ushbu ishga xalqaro konsultantlar jalb qilingan.
«Gaz yetkazib berishning mumkin boʻlgan toʻxtatilishiga kelsak, bugungi kunda issiqlik taʼminoti sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Jahon banki koʻmagida konsultantlar jalb etildi. Ular bilan birgalikda biz toʻrt-beshta stsenariyni belgilab oldik: elektrlashtirish, gibrid yechimlar, geotermal issiqlik manbalari va quyosh panellaridan foydalanish. Hozirda konsultantlar har tomonlama hisob-kitoblarni amalga oshirmoqda», — dedi kompaniya rahbari.
Uning soʻzlariga koʻra, asosiy yoʻnalishlardan biri issiqlik ishlab chiqarish uchun turli energiya manbalaridan foydalanish imkonini beruvchi gibrid tizimlarni joriy etish boʻladi.
«Bir narsani aytishim mumkin: 2027 yildan boshlab dasturlarimiz doirasida gibrid tizimlarga oʻtamiz», — dedi Toʻrayev.
U bunday yechimlar, jumladan, yangi turar joy binolari va «Yangi Oʻzbekiston» massivlari uchun koʻrib chiqilayotganini aniqlashtirdi.
Mumkin boʻlgan energiya va yonilgʻi manbalari qatorida kompaniya raisi tabiiy gaz, elektr energiyasi, dizel qurilmalari va muqobil yonilgʻi turlarini tilga oldi. shuningdek, quyosh energiyasi, geliokollektorlar va issiqlik nasoslaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Islohotning alohida yoʻnalishi markazlashtirilgan issiqlik taʼminotini issiqlik yetkazib berishni egiluvchanroq sozlash imkonini beruvchi yopiq tizimlarga oʻtkazish boʻladi.
Toʻrayevning soʻzlariga koʻra, bu oʻtish prezidentning 2025 yil 11 martdagi PQ-100-sonli qarorida nazarda tutilgan.
«Issiqliktaʼminoti» raisi amaldagi ochiq tizimda isitishni sozlash imkoniyatlari cheklanganini tushuntirdi. Issiqlik tashuvchi yopiq kontur boʻylab aylanadigan yopiq tizimga oʻtilgandan soʻng, issiqlik yetkazib berishni individual issiqlik punktlari orqali sozlash mumkin boʻladi.
«Yopiq tizimga oʻtganimizda, issiqlik tashuvchi quvurlar boʻylab aylanadi. Oʻshanda, agar aholi isitish uchun toʻlov qilishga tayyor boʻlsa, uni ehtiyojlariga qarab individual issiqlik punkti orqali yoqish mumkin boʻladi. Bugungi kunda ochiq tizimda bunday imkoniyat yoʻq», — dedi Toʻrayev.
U, shuningdek, isitish mavsumining davomiyligini oʻzgartirish, xususan, ayrim hududlarda hali ham sovuq ob-havo saqlanib qoladigan mart oyiga uzaytirish mumkinmi, degan savolga javob berdi.
Isitish mavsumi tashqi havoning oʻrtacha sutkalik harorati +8 darajadan past saqlanib turadigan ketma-ket besh kundan keyin boshlanishi va harorat +8 darajadan yuqori boʻlgan shunga oʻxshash davrdan kela yakunlanishi kerak.
Toʻrayev isitishni yoqish va oʻchirishning haqiqiy muddatlari ob-havo prognozini hisobga olgan holda belgilanishini taʼkidladi.
«Toshkentda issiqlik yetkazib berish 20 oktyabrdan keyin yoki 10 noyabrdan keyin boshlanishini hech kim oldindan ayta olmaydi. Qaror faqat bir haftalik prognoz olingandan keyin qabul qilinadi. Oʻchirish bilan ham xuddi shunday. Agar qor yogʻishi prognoz qilinsa, hech kim fevral oyida isitishni toʻxtatmaydi. Tarixda bunday boʻlmagan», — dedi u.
Kompaniya raisining soʻzlariga koʻra, isitish odatda mart oyida ham davom etadi, uni oʻchirish esa, qoida tariqasida, ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda Navroʻzdan keyin koʻrib chiqiladi.
Eslatib oʻtamiz, 24 sentyabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston issiqlik taʼminotini 2032 yilgacha barqaror rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.
Hujjatni tayyorlashda Jahon banki ekspertlari ishtirok etmoqda.
Strategiyaning birinchi muhokamasida infratuzilmaning holati, issiqlik energiyasi yoʻqotishlari, resurslardan foydalanish samaradorligi va sohani modernizatsiya qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Vazirlik ustuvor yoʻnalishlar qatorida markazlashtirilgan issiqlik taʼminotini rivojlantirish, foydalaniladigan yonilgʻi turlarini diversifikatsiya qilish, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, binolarning energosamaradorligini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilishni tilga oldi.
Avvalroq, 2025 yil 11 martda prezident Shavkat Mirziyoyev issiqlik taʼminoti tizimini isloh qilish va binolarning energosamaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi qarorni (PQ-100) imzolagan edi.
Hujjatda koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha muassasalarida 8681 ta individual issiqlik punktini oʻrnatish va markazlashtirilgan issiqlik taʼminotini yopiq tizimga oʻtkazish dasturi nazarda tutilgan.
Islohot doirasida, shuningdek, hududiy issiqlik taʼminoti korxonalarini birlashtirgan «Issiqliktaʼminoti» AJ tashkil etildi.
Prezident matbuot xizmati xabar berganidek, besh yil davomida issiqlik taʼminoti tizimlarini tiklash va modernizatsiya qilishga 19 trln soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda. Markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olishni 37 foizdan 58 foizgacha oshirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 9000 ga yaqin turar joy binolari va ijtimoiy obʼyektlarni yopiq issiqlik taʼminoti tizimlariga oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu issiqlik yoʻqotishlarini ikki baravar kamaytirish va tabiiy gaz isteʼmolini 20 foizga qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.
2026 yil yanvar oyida yil davomida 400 ta individual issiqlik punktini oʻrnatish va kamida 100 km issiqlik tarmoqlarini yangilash rejalashtirilgani xabar qilingan edi.
Koʻp qavatli uylarda yashovchilar xonadonlarni markaziy isitish tizimidan mustaqil ravishda uzib qoʻya olmaydilar va individual gaz qozonlariga oʻta olmaydilar, deb maʼlum qilindi Oʻzbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida oʻtkazilgan ushbu matbuot anjumanida. Idorada tushuntirishlaricha, umumiy tizimga aralashish qoʻshni xonadonlarning issiqlik taʼminotini buzishi mumkin.

