Oʻzbekistonda 200-yillik Shotlandiya universiteti kampusi ochilishi mumkin
Shotlandiyaning Xeriot-Uatt universiteti Oʻzbekistonda oʻz kampusini ochish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Londondagi uchrashuvda qoʻshma taʼlim dasturlari, talabalar almashinuvi va ikki tomonlama diplom berish boʻyicha hamkorlik ham muhokama qilindi.

Oʻzbekistonda 200-yillik Shotlandiya universitetining kampusi ochilishi ehtimoli bor
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasida Xeriot-Uatt universiteti rahbariyati bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida taʼlim, fan va innovatsiyalar yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari ham koʻrib chiqildi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri universitetning Oʻzbekistonda oʻz kampusini ochish imkoniyati boʻldi. Hozircha kampus ochilishi boʻyicha yakuniy qaror yoki uning ish boshlash muddati haqida maʼlumot berilmagan.
Universitet vakillari Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, qoʻshma taʼlim loyihalarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar uchun malaka oshirish dasturlari va treninglar tashkil etish hamda birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borishga qiziqish bildirildi.
Tomonlar «ikki tomonlama diplom» tamoyili asosida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham koʻrib chiqdi.
Xeriot-Uatt universiteti 1821-yilda Shotlandiyada «Edinburg sanʼat maktabi» nomi bilan tashkil etilgan. Oliygoh ilmiy tadqiqotlar va taʼlimdagi innovatsion yondashuvlari bilan tanilgan.
«Dunyo» AA keltirgan maʼlumotlarga koʻra, universitetda xorijiy kampuslari bilan birga qariyb 31 ming talaba tahsil oladi, 2 mingdan ortiq oʻqituvchi faoliyat yuritadi.

