Mahalliy

Oʻzbekistonda 14 nafar eng yaxshi shifokor elektromobil oladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.

Oʻzbekistonda 14 nafar eng yaxshi shifokor elektromobil oladi

Davlat rahbari meʼda, yoʻgʻon ichak, prostata bezi va oʻpka saratonini erta aniqlash dasturi avval Samarqandda yoʻlga qoʻyilishini, 2028 yildan esa mamlakatning barcha hududlariga tarqatilishini maʼlum qildi. Bu maqsadlar uchun har yili 700 mlrd soʻm ajratiladi.

Shuningdek, shakarli diabet, tuberkulez, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi oʻsmalar va bolalardagi onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash dasturlarini amalga oshirish davom ettiriladi.

Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand va Toshkentda infarkt va insultlarni erta tashxislash va davolash dasturi tufayli besh oy ichida ushbu kasalliklardan barvaqt oʻlim koʻrsatkichini 15 foizga kamaytirishga erishildi.

Kasallikning ilk alomatlari paydo boʻlganidan keyingi «oltin soat» ichida 855 nafar inson barvaqt oʻlimdan va nogironlikka olib keluvchi oqibatlardan saqlab qolindi.

Kelgusi yilda dasturni amalga oshirish uchun 280 mlrd soʻm ajratiladi. U mamlakatning barcha tuman va shaharlarini qamrab oladi.

Shuningdek, aholi uchun kafolatlangan tibbiy yordam paketi kengaytiriladi. Kelgusi yilda bepul dori vositalari turlari soni 73 tagacha, tibbiy tekshiruvlar esa 36 tagacha koʻpayadi.

Davlat rahbari, shuningdek, taʼlim, qurilish, sanitariya va gigiyena, patsiyentlar xavfsizligi hamda tibbiyot xodimlari madaniyati masalalarini qamrab oluvchi «Yangi Oʻzbekiston tibbiyot standartlari» joriy etilishini eʼlon qildi.

«Har bir inson poliklinikaga kelganida, eng avvalo, ozodalik, tartib va xizmat koʻrsatish madaniyatini koʻrishi kerak», — dedi prezident.

Shu munosabat bilan birlamchi boʻgʻin tibbiyot xodimlari bosqichma-bosqich va bepul maxsus maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanadi.

Bu yil ilk bor tuman boʻgʻini sogʻliqni saqlash tizimining eng yaxshi shifokori va eng yaxshi hamshirasi unvonlari uchun viloyat tanlovlari oʻtkazilmoqda. Gʻoliblarning har biri 30 mln soʻm miqdorida pul mukofoti oladi.

Kelgusi yilda ragʻbatlantirish choralari kengaytiriladi.

Tanlovning viloyat bosqichida gʻolib chiqqan oʻn toʻrt nafar shifokor elektromobil oladi.

Bundan tashqari, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan oʻnta eng yaxshi loyiha mualliflariga har biri uchun 200 mln soʻm miqdorida grantlar ajratiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.