Oʻzbekistonda 1 noyabrdan boshlab aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi oʻzgaradi

Oʻzbekistonda 1 noyabrdan boshlab aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi oʻzgaradi
Oʻzbekistonda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishning yangi tizimi joriy etiladi. «Hududgaztaʼminot» gazni birja orqali sotib oladi va uni isteʼmolchilarga yetkazib beradi.
OʻzA xabar berishicha, buning uchun kompaniya shafeligida LPG-Trade kompaniyasi tashkil etilmoqda. Yangilik 1 noyabrdan boshlab kuchga kiradi.
Hozirda «Hududgaztaʼminot» 3 million 730 mingdan ortiq xonadon va qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obʼyektini suyultirilgan gaz bilan taʼminlamoqda. 2026 yilning yanvar–avgust oylarida isteʼmolchilarga 352,1 ming tonna gaz yetkazib berildi.
Kuz-qish mavsumiga 93 ta gaz toʻldirish shoxobchasi tayyorlanib, 24 ming dona maishiy ballon zaxirasi yaratildi. 2026–2027 yillar mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Shu jumladan, 229 ta chekka qishloqdagi 104,7 ming isteʼmolchiga 8,2 ming tonna gaz yetkaziladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda 2027 yil iyul oyidan boshlab energiya tariflarini hisoblash uchun raqamli platforma ishga tushirilishi xabar qilingan. Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha yangi chora-tadbirlarni Prezident Shavkat Mirziyoyev tasdiqladi. Hujjatda davlat organlarining funktsiyalarini qayta koʻrib chiqish va energiya taʼminoti sohasida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish koʻzda tutilgan.

