Sport

Oʻzbekiston yoshlari ikkinchi gʻalabasi bilan Osiyo oʻyinlari chorakfinaliga chiqdi

Oʻzbekiston U23 terma jamoasi Yaponiyada oʻtayotgan Osiyo oʻyinlari guruh bosqichining 2-turida Kuvaytni yengib, keyingi bosqichga chiqish masalasini hal qildi.

Oʻzbekiston yoshlari ikkinchi gʻalaba bilan Osiyo oʻyinlari chorakfinaliga yoʻl oldi

Yaponiyaning Nagoya shahrida XX yozgi Osiyo oʻyinlari futbol musobaqasi davom etmoqda.

Oʻzbekiston U23 terma jamoasi guruh bosqichidagi ikkinchi uchrashuvini Kuvaytga qarshi oʻtkazib, 2:0 hisobida zafar quchdi. Har ikki gol ham birinchi taymda Sardor Bahromov tomonidan kiritildi. Ikkinchi taym boshida Roʻziboy Fayzullayev maydondan chetlatildi, ammo oʻzbekistonliklar ishonchli himoyalanib, kerakli hisobni saqlab qoldi.

Ushbu gʻalabadan soʻng bosh murabbiy Ravshan Haydarov shogirdlarining ochkolari 6 taga yetdi va jamoa muddatidan oldin chorakfinal yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Birinchi turda oʻzbekistonliklar Filippinni 5:1 hisobida magʻlub etgan edi.

Guruhdagi yana bir bahsda Vyetnam ham xuddi shu hisobda Filippinni yengib, 4 ochko jamgʻardi. Oʻzbekiston yoshlari guruh gʻolibini aniqlab beradigan yakuniy oʻyinni 22-sentabr kuni Vyetnamga qarshi oʻtkazadi.

Osiyo oʻyinlari futbol turnirida 15 ta jamoa toʻrtta guruhga boʻlingan. Guruhda 1- va 2-oʻrinlarni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga chiqadi. Reglamentga koʻra, jamoalar 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan iborat tarkib, shuningdek, 23 yoshdan katta 3 nafar futbolchi bilan ishtirok etishi mumkin. Oʻzbekiston terma jamoasi turnirda 21 yoshgacha boʻlgan tarkib bilan qatnashmoqda. Bu Los-Anjeles - 2028 olimpiadasi saralashida ishtirok etadigan jamoaning yetarlicha tajriba toʻplashi maqsadida amalga oshirilgan.

Osiyo oʻyinlari futbol turniri 1990-yildan beri oʻtkazib kelinadi. Turnirda Eron va Janubiy Koreya 3 martadan gʻolib chiqqan. Shuningdek, Oʻzbekiston (1994-yilda), Qatar va Yaponiya ham oltin medallarga sazovor boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.