Oʻzbekiston yoshlari Butunjahon oziq-ovqat forumida: xalqaro muloqot, tajriba almashish va yangi tashabbuslar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Rimdagi bosh qarorgohida Butunjahon oziq-ovqat forumi — 2026 boʻlib oʻtmoqda. Forum iqlim oʻzgarishi oqibatlariga bardoshli, barqaror va inklyuziv agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish uchun yoshlar, ekspertlar va hamkorlarni birlashtiradi. Forumda FAOning Oʻzbekistondagi Vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov, mamlakat davlat tashkilotlari xodimlari, yosh mutaxassislar va milliy […] vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston yoshlari Butunjahon oziq-ovqat forumida: xalqaro muloqot, tajriba almashish va yangi tashabbuslar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Rimdagi bosh qarorgohida Butunjahon oziq-ovqat forumi — 2026 boʻlib oʻtmoqda. U iqlim oʻzgarishi oqibatlariga bardosh bera oladigan barqaror va inklyuziv agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish yoʻlida yoshlar, ekspertlar va hamkorlarni birlashtiradi.
Forumda FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov, mamlakat davlat tashkilotlari xodimlari, yosh mutaxassislar va WFFning Oʻzbekistondagi milliy yoshlar boʻlimi vakillari ishtirok etdilar. Ular agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro muhokamalarda qatnashdilar, milliy tajriba va tashabbuslarni taqdim etdilar, shuningdek, boshqa mamlakatlar delegatlari bilan tajriba almashdilar.
Global yoshlar forumining ochilish marosimida 35 ta yangi milliy yoshlar boʻlimlari faoliyati boshlangani rasman eʼlon qilindi va ularning vakillariga sertifikatlar topshirildi. WFF tarmogʻi butun dunyo boʻylab 100 dan ortiq milliy boʻlimlarni birlashtirishi taʼkidlandi. Forum davomida turli mamlakatlarning yoshlar yetakchilari, shu jumladan WFFning Oʻzbekistondagi milliy yoshlar boʻlimi koordinatori Shovkat Xoldorov oziq-ovqat xavfsizligi, barqaror qishloq xoʻjaligi va iqlim sohasidagi mahalliy tashabbuslarni amalga oshirish tajribasi bilan oʻrtoqlashdilar, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
WFFning Oʻzbekistondagi milliy yoshlar boʻlimi 2025 yilda yosh faollar tashabbusi bilan FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi va hamkor tashkilotlar koʻmagida tashkil etilgan edi. U Markaziy Osiyodagi birinchi WFF milliy yoshlar boʻlimi boʻldi.
Forum doirasida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi hamda FAOning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi yosh yaylov chorvadorlarining kelajagiga bagʻishlangan mintaqalararo muloqotni tashkil etdi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Moʻgʻuliston, Nepal va Butandan kelgan WFF milliy yoshlar boʻlimlari vakillari milliy maslahatlashuvlar natijalarini taqdim etdilar va chorvadorlar jamoalarini qoʻllab-quvvatlash uchun siyosat sohasidagi tavsiyalar, sheriklik va investitsiya imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Muloqotda Oʻzbekiston sharafini Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi bosh mutaxassisi Ahmadjon Nurullayev himoya qilib, milliy maslahatlashuvlar natijalarini taqdim etdi. Oshkor qilingan maʼlumotlarga koʻra, soʻrovda qatnashgan yosh chorvadorlarning 71 foizi mahsuldorlik pasayganini, 58 foizi esa chorva mollarining nobud boʻlishi bilan bogʻliq yoʻqotishlarni maʼlum qilgan. Respondentlarning deyarli 70 foizi suv, veterinariya xizmatlari va bozorlarga kirish imkoniyati cheklanganini jiddiy toʻsiq sifatida tilga olgan. shuningdek, iqlim oʻzgaruvchanligi, chorva mallarini mavsumiy haydab oʻtishdagi cheklovlar, yaylovlardan foydalanish huquqlarining yetarlicha himoya qilinmagani va yer hamda moliyaviy resurslardan foydalanishdagi qiyinchiliklar yosh chorvadorlar daromadlarining barqarorligi va xoʻjalik faoliyatining mustahkamligiga putur yetkazayotgani taʼkidlandi.
Ushbu chaqiriqlarga javoban Oʻzbekiston vakili yosh yaylov chorvadorlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mintaqaviy dastur ishlab chiqishni taklif etdi. Taklifda yaylovlardan foydalanish rejalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

