“Biz doim aloqadamiz, har qanday masalani birgalikda hal qilamiz” – Bozorov
Parij va Rim shartnomalari Yevropa integratsiyasining huquqiy poydevorini yaratgan boʻlsa, Markaziy Osiyoda Xoʻjand deklaratsiyasi uch davlat oʻrtasidagi yangi munosabatlar bosqichini belgilamoqda.

“Biz doim aloqadamiz, har qanday masalani birgalikda hal qilamiz” – Bozorov
Xoʻjandda boʻlib oʻtgan ikkinchi Fargʻona tinchlik forumida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonning yuqori martabali vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda oʻndan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etdi.
Forumda hududlararo hamkorlik, oʻzaro ishonch, suv va energetika masalalari, shuningdek, Xoʻjand deklaratsiyasining amaliy ahamiyati muhokama qilindi.
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning aytishicha, Xoʻjand shahrida oʻtkazilayotgan Fargʻona tinchlik forumining ikkinchi yigʻilishi Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangan. Uning soʻzlariga koʻra, forum doirasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratilmoqda.
Bozorov forumni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolangan abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning amaliy ifodalaridan biri sifatida baholadi.
“Eng asosiysi, bizga huquqiy maydon yaratib berilgan. Hududlararo kengash prezidentlarimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan”, - dedi Fargʻona viloyati hokimi.
Uning qayd etishicha, mazkur kengash Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlari, Qirgʻizistonning Botken viloyati hamda Tojikistonning Soʻgʻd viloyati oʻrtasidagi doimiy amaliy muloqot mexanizmiga aylangan.
“Shuning uchun biz deyarli har kuni aloqadamiz. Qandaydir masala boʻlsa, oʻzaro telefon orqali muloqot qilamiz yoki muayyan masalani chegarada uchrashib, joyida hal qilish imkoniga egamiz”, - dedi Xayrullo Bozorov.
Hokimning fikricha, hududlararo kengash va shu kabi muloqot maydonlari uch davlatning chegaraoldi viloyatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni muntazam davom ettirish uchun imkoniyat yaratmoqda.

