Oʻzbekiston va Yaponiyaning Yamagata prefekturasi bandlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildilar
Oʻzbekiston va Yaponiyaning Yamagata prefekturasi Oʻzbekiston fuqarolarini mintaqa korxonalarida, jumladan, transport, muhandislik va axborot texnologiyalari sohalarida ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda.

Oʻzbekiston va Yaponiyaning Yamagata prefekturasi bandlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Mutaxassislarni jalb qilish va kasbga tayyorlash masalalari Migratsiya agentligi direktori Muhsinxoʻja Abdurahmonovning Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuvi mavzusi boʻldi, deb xabar berdi idora 20 oktyabr kuni.
Muzokaralar INTIL Xalqaro tillar va kasblarga oʻqitish markazida boʻlib oʻtdi. Delegatsiya tarkibiga Yamagata prefekturasi hukumati, mahalliy universitet va Oʻzbekistondan mutaxassislarni jalb qilish hamda kasbga tayyorlashdan manfaatdor boʻlgan Yaponiya kompaniyalari vakillari kirdi.
Yaponiya tomoni mintaqa korxonalari hanuzgacha kadrlarga muhtojligini taʼkidladi va mahalliy korxonalarda ishlashga, prefekturadagi hayotga moslashishga hamda uzoq muddatli mehnat munosabatlarini oʻrnatishga tayyor boʻlgan xorijiy mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdorlik bildirdi.
Migratsiya agentligi Yaponiya ish beruvchilarining talablarini hisobga olgan holda Oʻzbekistonda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash modelini taqdim etdi. Taklif etilayotgan mexanizm Yaponiya kompaniyalari malaka talablarini, zarur til bilish darajasini va oʻquv dasturlari mazmunini belgilashini nazarda tutadi. Oʻzbekiston tomoni, oʻz navbatida, nomzodlarni saralash, ularning kasbiy va til tayyorgarligini, amaliy mashgʻulotlarni hamda joʻnab ketishdan oldingi moslashuvini taʼminlashga tayyor.
Shu munosabat bilan INTIL markazining imkoniyatlari, jumladan, oʻquv infratuzilmasi, amaliy tayyorgarlik, suhbatlar va kasbiy test sinovlarini oʻtkazish maydonchalari taqdim etildi. Markaz, shuningdek, 400 kishiga moʻljallangan yotoqxonaga ega. Agentstvo fuqarolarni keyinchalik ishga joylashtirish bilan birgalikda maqsadli tayyorlash qoʻshma dasturlarini amalga oshirishda uning infratuzilmasini xorijiy hamkorlarga begʻaraz asosda taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar Yaponiyada ishlash uchun haydovchilarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratdilar. Oʻzbekiston tomoni Toshkent viloyatida oʻng tomonlama boshqariladigan yuk avtomobillaridan foydalanish va Yaponiya yoʻl sharoitlarini modellashtirish rejalashtirilgan ixtisoslashtirilgan maydoncha tashkil etilganini maʼlum qildi. Bu nomzodlar xorijga joʻnab ketishidan oldin amaliy tayyorgarlikni oʻtkazish va kasbiy koʻnikmalarini baholash imkonini beradi.

