Mahalliy

Yaponiya elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishi haqida gapirdi

Elchi qarorgohida tashkil etilgan Kunchiqar o‘lka oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari klubining o‘ninchi uchrashuvida bu gal

Yaponiya elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishi haqida so‘z yuritdi

Inson resurslarini rivojlantirish Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligidagi asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu haqda Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Kendzi Hirata Toshkentda o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirda ma’lum qildi.

Yaponiya elchisi qarorgohida tashkil etilgan Kunchiqar o‘lka oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari klubining o‘ninchi uchrashuvida bu safar sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Yaponiyaga o‘qishga jo‘nab ketayotgan talabalar ham qatnashdi.

«Yaponiya O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon davlat qurilishi borasida qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Maqsadimiz — O‘zbekiston Osiyoning ochiq, barqaror, farovon va mustaqil davlati bo‘lishida ko‘mak bermoqdir. Yaponiya bu borada muvaffaqiyat kafolati sifatida inson resurslarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda»,

— dedi Yaponiya elchisi Kendzi Hirata.

1996-yilda Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi (MEXT) stipendiyalar dasturi ishga tushirilgan edi. Keyinchalik JDS, JASSO, Japan-IMF Scholarship, Japan-ADB Scholarship kabi dasturlar orqali ta’lim imkoniyatlari yanada kengaydi.

«2025-yil dekabr oyida men Yaponiyaga tashrifi chog‘i O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hamrohlik qilish sharafiga muyassar bo‘ldim. “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi sammitda ham, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi bilan ikki tomonlama uchrashuvda ham yetakchilar muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalasini muhokama qildilar. Ushbu yo‘nalish biz uchun ham mintaqaviy robitalar, ham ikki tomonlama strategik hamkorlikni chuqurlashtirishda ulkan ahamiyat kasb etadi»,

— dedi diplomat.

Yaponiya an’anaviy tarzda O‘zbekistonga ta’lim grantlarini taqdim etib keladi. Ushbu grantlar hisobiga O‘zbekiston vazirlik va idoralarining yuzlab vakillari Kunchiqar o‘lkaning nufuzli universitetlarida tahsil olgan. Ular magistrlik va doktorlik darajalari bilan vatanga qaytib, davlat va xususiy sektor hamda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC) 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida klub Yaponiyada bilim va tajriba orttirgan 420 dan ziyod mutaxassisni birlashtiruvchi maydonga aylandi.

Klub Yaponiya universitetlari bitiruvchilari hamda ta’lim dasturlari ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bilan birga, Kunchiqar o‘lkada tahsil bilan bog‘liq ma’lumotlar, bilimlar va shaxsiy tajriba almashish, yutuqlar bilan o‘rtoqlashish imkonini ham yaratadi.

Yaponiyada tahsil olgan vatandoshlarimiz do‘stlik elchilari sifatida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga ko‘mak bermoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.