Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyalari qurilish hamda issiqlik taʼminoti loyihalarini muhokama qildilar

Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyalari qurilish hamda issiqlik taʼminoti loyihalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Xitoy kompaniyalari bilan qurilish, issiqlik taʼminoti va kommunal infratuzilma loyihalari boʻyicha hamkorlikni, jumladan, yigʻma qurilish, kogeneratsiya inshootlari va geotermal issiqlik nasoslari texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tomonlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va istiqbolli investitsiya loyihalarini koʻrib chiqdilar. Koʻrib chiqilgan yoʻnalishlar qatoriga yigʻma va sanoat qurilishi yechimlari, «yashil» qurilish materiallari, metall konstruktsiyalar ishlab chiqarish hamda EPC shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish kirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, EPC+F va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosidagi potentsial loyihalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Issiqlik taʼminoti sohasida tomonlar mavjud tizimlarni modernizatsiya qilish, kogeneratsiya stantsiyalari va zamonaviy issiqlik markazlarini qurish, shuningdek, geotermal issiqlik nasoslari texnologiyalarini joriy etishni koʻrib chiqdilar. Tomonlar Oʻzbekistondagi istiqbolli issiqlik taʼminoti loyihalari boʻyicha maʼlumot almashishga kelishib oldilar. Xitoy kompaniyalari loyihalarni oʻrganib chiqishi hamda moliyalashtirish va hamkorlik shartlari boʻyicha takliflar tayyorlashi kutilmoqda.
Muhokamalarda, shuningdek, yigʻma qurilish uchun Xitoy standartlari va texnik talablari ham qamrab olindi. Tomonlar qurilish samaradorligini oshirish va qurilish jarayonlarining atrof-muhitga taʼsirini kamaytirishga qaratilgan texnologiyalarni koʻrib chiqdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar muzokaralarni davom ettirish, loyiha va texnik hujjatlar bilan almashish hamda aniq loyihalar boʻyicha hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Geotermal issiqlik nasoslari binolarni isitish va sovutish uchun yer ostida toʻplangan issiqlikdan foydalanadi. Yer osti harorati yil davomida nisbatan barqaror boʻlib qoladi, bu esa tizimlarga qishda binolarni isitish uchun issiqlik olish, yozda esa sovutishni taʼminlash imkonini beradi. Ushbu tizimlar elektr energiyasi bilan ishlaydi, ammo isitish va sovutish uchun anʼanaviy usullarga qaraganda kamroq energiya sarflashga moʻljallangan.
Oʻzbekiston oʻzining ilk geotermal issiqlik nasosi texnologiyasini 2025 yil may oyida Xorazm viloyatida ishga tushirdi. Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, ushbu texnologiyani oʻrganish va undan foydalanishni kengaytirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Mahalliy mutaxassislar uning ishlashi va loyihasini, shuningdek, kelajakda Oʻzbekistonda ishlab chiqarish salohiyatini tadqiq qilmoqdalar.

