Oʻzbekiston va Turkiya telekommunikatsiyalarni rivojlantirishni muhokama qildi
Telekommunikatsiyalarni boshqarish markazi BTK va TechNarts kompaniyalari bilan qurilmalar xavfsizligi, tarmoqlar monitoringi va antifrod tizimlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi.

Oʻzbekiston va Turkiya telekommunikatsiyalarni rivojlantirishni muhokama qildi
Oʻzbekiston Telekommunikatsiyalarni boshqarish markazi Turkiyada davlat organlari va texnologik kompaniyalar vakillari bilan telekommunikatsiya va monitoring sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan muzokaralar oʻtkazdi.
7 sentyabr kuni markaz delegatsiyasi Turkiya Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari boshqarmasi (BTK) vitse-prezidenti Beytullah Koʻshkyu (Beytullah Koşçu) bilan uchrashdi. Tomonlar mobil qurilmalar xavfsizligi masalalari boʻyicha tajriba va maʼlumot almashdilar.
Xususan, muzokaralar ishtirokchilari klonlashtirilgan qurilmalarni aniqlash va bloklash mexanizmlarini, shuningdek, telekommunikatsiya tarmoqlarida firibgarlikka qarshi kurashishning amaliy yondashuvlarini muhokama qildilar.
Tomonlar radiochastota spektrini boshqarish va monitoring qilishga alohida eʼtibor qaratdilar. Kun tartibidan antifrod tizimlarini joriy etish, mobil raqamlarni operatorlar oʻrtasida koʻchirish (MNP), raqamli resursni boshqarish va chaqiruvchi abonent raqamini identifikatsiya qilish (CLI) masalalari ham joy oldi.
8 sentyabr kuni Telekommunikatsiyalarni boshqarish markazi delegatsiyasi Turkiyaning TechNarts texnologik kompaniyasi rahbariyati bilan Taha Yayji (Taha Yaycı) boshchiligida uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralarda mobil operatorlar tarmoqlari, televizion koʻrsatuvlar monitoringi va zamonaviy texnologik yechimlarni qoʻllash sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, texnik ekspertiza, amaliy tajriba va maʼlumotlar almashish masalalarini koʻrib chiqdilar. Tomonlar Telekommunikatsiyalarni boshqarish markazining texnologik ehtiyojlari va ustuvor faoliyat yoʻnalishlarini hisobga olgan holda qoʻshma loyihalar istiqbollarini alohida muhokama qildilar.
Oʻtkazilgan uchrashuvlar Turkiya davlat va texnologik hamkorlari bilan kelgusidagi hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini muhokama qilish hamda keyinchalik tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish uchun asos yaratish imkonini berdi.

