Oʻzbekiston va Qozogʻiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Qozogʻiston farmatsevtika regulyatorlari dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish, farmakonazorat, inspektsiya va laboratoriya faoliyati sohasida tajriba almashmoqda.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Qozogʻiston farmatsevtika sohasida idoralararo hamkorlikni kengaytirmoqda.
Oʻzbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Qozogʻistonda boʻlib turibdi, u yerda milliy regulyator tajribasi bilan tanishmoqda va professional aloqalarni rivojlantirishni muhokama qilmoqda.
Tashrif Oʻzbekistonning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Qozogʻistonning Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ekspertiza qilish milliy markazi oʻrtasida imzolangan anglashuv va hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ostona va Olmaotadagi uchrashuvlar chogʻida ikki mamlakat vakillari dori-darmonlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, litsenziyalash, farmakonazorat, roʻyxatdan oʻtkazishdan keyingi nazorat, farmatsevtika inspektsiyalari va laboratoriya tadqiqotlari sohasidagi tajribalari bilan oʻrtoqlashmoqdalar.
Qozogʻistonning Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tasnifi boʻyicha milliy tartibga solish tizimining uchinchi yetuklik darajasiga (ML3) erishish tajribasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tomonlar xalqaro baholash meʼyorlarini va Oʻzbekistonda ilgʻor tartibga solish amaliyotlarini joriy etish imkoniyatlarini oʻrganmoqdalar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Olmaotadagi JSST tomonidan dastlabki saralashdan (prekvalifikatsiya) oʻtgan Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ekspertiza qilish milliy markazi sinov markazi faoliyati bilan ham tanishadi.
Dasturga laboratoriyaning sifatni boshqarish tizimini, uning xalqaro standartlar boʻyicha ishlashini va dastlabki saralash tartibidan oʻtish tajribasini oʻrganish kiritilgan.
Tajriba almashish milliy regulyatorlar salohiyatini mustahkamlash, laboratoriya faoliyatini takomillashtirish va farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan.

