Oʻzbekiston va Pokiston TIV rahbarlari hamkorlikni muhokama qildilar
Baxtiyor Saidov va Muhammad Ishoq Dor strategik sheriklikni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Pokiston TIV rahbarlari hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Pokiston bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri, senator Muhammad Ishoq Dor bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi. Bu haqda Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat chogʻida tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdilar.
Өzaro savdoni kengaytirish va istiqbolli qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Muloqot ishtirokchilari, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ikki mamlakat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) doirasidagi hamkorlik alohida mavzu boʻldi. Suhbatdoshlar Oʻzbekiston va Pokistonning 2026–2027 yillarda tashkilotning tegishli organlarida raislik qilishini, shuningdek, boʻlajak tadbirlar kun tartibini muhokama qildilar.
Baxtiyor Saidov va Muhammad Ishoq Dor, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr almashdilar. Muloqot davomida mintaqaviy vaziyatga ham toʻxtalib oʻtildi.
Suhbat yakunlari boʻyicha tomonlar siyosiy muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash asosida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

