Oʻzbekiston va Iordaniya sanoat, farmatsevtika va logistika sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildilar

Oʻzbekiston va Iordaniya sanoat, farmatsevtika va logistika sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 26–27 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Iordaniyada boʻldi. Safardan maqsad ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishdan iborat edi.
Tashrif doirasida delegatsiya Iordaniya davlat idoralari va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Tomonlar sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, energetika, geologiya, togʻ-kon sanoati va transport logistikasi sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Iordaniya savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ishbilarmon doiralar ishtirokida Oʻzbekiston-Iordaniya davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qoʻshma ishlab chiqarishlarni ishga tushirish, investitsiyalarni jalb qilish va oʻzaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi, shu bilan birga iordaniyalik sheriklarga Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar taqdim etildi.
Safar yakunlari boʻyicha tomonlar istiqbolli yoʻnalishlar va potentsial qoʻshma loyihalarni belgilab oldilar, shuningdek, ularni amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha keyingi qadamlarni koʻrsatib oʻtdilar.

