Siyosat

Oʻzbekiston va Hindiston yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildi

O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalari haqida fikr bildirdilar.

Davlat rahbari Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifining ulkan ahamiyatini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston yetakchisi ushbu sermahsul muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, yuksak hurmat va o‘zaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘lganini qayd etdi.

Hindiston jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor va nufuzga ega bo‘lgan ishonchli va salohiyatli strategik sherik ekani e’tirof etildi. Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy ta’minot va startaplar sohasidagi ulkan yutuqlari yuqori baholandi.

Shu sababli tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi, salmoqli hujjatlar to‘plami, jumladan, qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo bitimlar imzolandi. Ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollarni tashkil qildi. Ushbu raqamni 2030-yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilandi.

Tashrif doirasida muhim qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli ishlab chiqildi. Bir qator yirik hind kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi. Muloqotlar davomida energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari” belgilab olingani ma’lum qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, jumladan, BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRICS va Global janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakatda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat ko‘rsatayotgani hamda Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va haftasiga 14 marta amalga oshirilayotgan havo qatnovlari turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini bildirib, hindistonlik hamkasbi va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik izhor etdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.