Oʻzbekiston Saudiya Arabistoniga qilingan hujumlarni qoraladi
Oʻzbekiston soʻnggi kunlarda Saudiya Arabistoni hududiga uyushtirilgan hujumlarni va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi harakatlarni keskin qoralashini bildirdi.

Oʻzbekiston Saudiya Arabistoniga uyushtirilgan hujumlarni qoraladi
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni hududiga raketa va dronlar bilan qilingan hujumlar yuzasidan chuqur xavotirini bildirdi.
“Tinch aholiga, fuqarolik va energetika infratuzilmasi obyektlariga qarshi kuch ishlatish bilan bogʻliq, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni keskin qoralaymiz.
Xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qatʼiy rioya etilishi zarur, deb hisoblaymiz.
Yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish faqat siyosiy-diplomatik vositalar orqali, muloqot va oʻzaro hurmat asosida amalga oshirilishi lozim.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishining oldini olish va barqaror tinchlik oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz”, – deyiladi TIV bayonotida.
8-sentabr kuni Yamandagi husiychilar Saudiya Arabistonining janubiy hududlariga ballistik raketalar va dronlar bilan yirik hujumlar uyushtirdi. Abha, Jizon, Najron va Hamis-Mushaytdagi energetika va iqtisodiy obyektlar nishonga olingan.
Hujumlar oqibatida 70 dan ortiq kishi jarohatlangan. Jizondagi neft-gaz obyektlarida yongʻinlar chiqqan. Bu 2022-yildagi Saudiya–husiychilar sulhidan keyingi eng jiddiy eskalatsiyalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, 11–12-sentabr kunlari Saudiya Sharq-Gʻarb quvurlar tarmogʻi — mamlakat sharqidagi neft konlarini Qizil dengizdagi Yanbu porti bilan bogʻlovchi strategik quvurga bir nechta dron hujumi qilinganini maʼlum qildi.
Saudiya maʼlumotiga koʻra, dronlar Iroq hududidan uchirilgan. Hujum natijasida odamlar jarohatlangan va quvurga zarar yetgan. Saudiya hozircha javob zarbasi bermasligini, Iroq hukumatiga chora koʻrish imkonini berishini bildirdi. Bu quvur Hoʻrmuz boʻgʻozi atrofidagi vaziyat sabab Saudiya neftini Qizil dengiz orqali eksport qilishning muhim muqobil yoʻli boʻlib qolayotgandi.

