Oʻzbekiston Prezidenti MDH Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Turkmanistondagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Prezidenti MDH Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi
«Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi»
Kun tartibiga muvofiq, ishtirokchilar koʻp tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida barchani qutlugʻ sana – Hamdoʻstlikning 35 yilligi bilan tabriklab, yuz berayotgan oʻzgarishlarga qaramay, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlikning ulkan salohiyati oʻzgarishsiz qolayotganini taʼkidladi.
«Bugun dunyo tubdan oʻzgarmoqda. Keskinlik kuchayib, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta qurilmoqda. Bunday vaziyatda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez muvofiqlashtirib turish va kelishuvlarimiz real natija berishiga erishish ayniqsa muhimdir»,
– deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Iqtisodiy integratsiya va sanoat kooperatsiyasi avvalgidek barqarorlik va taraqqiyotning asosiy poydevorlaridan biri ekani taʼkidlandi.
Savdo-investitsiyaviy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun umumiy salohiyatni ishga solish va oddiy tovar ayirboshlashdan qoʻshilgan qiymatning toʻlaqonli zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Oʻzbekiston Prezidenti birgalikdagi saʼy-harakatlarni jamlash lozim boʻlgan bir qator ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi.
Birinchi navbatda, gap texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro tan olish va davlat xaridlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga Erkin savdo hududining toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi haqida bormoqda.
Iqtisodiyotlar barqarorligini va odamlar farovonligini taʼminlash nuqtai nazaridan oziq-ovqat xavfsizligining ahamiyati alohida qayd etildi.
Shu munosabat bilan, Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari davlat xaridlari sohasida oʻzaro imkoniyatlarni kengaytirish toʻgʻrisidagi bitimni hamda Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini imkon qadar tezroq kelishish va tasdiqlash maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Bozorlarning barqarorligini oshirish uchun oziq-ovqat va oʻgʻitlar eksportiga cheklovlar joriy etilishidan oldin Oldindan xabardor qilish va maslahatlashuvlar mexanizmini joriy etish taklif qilindi.

