Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo tanqis minerallar alyansini tuzishni jadallashtirishni taklif qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining muhim xomashyo resurslari boʻyicha alyansini tuzishni tezlashtirishni va ularning zaxiralari yagona raqamli xaritasini ishlab chiqishni taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mintaqada kam uglerodli energetikani birgalikda rivojlantirishga chaqirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning muhim mineral resurslar boʻyicha alyansini tuzishni tezlashtirishga chaqirdi
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining muhim mineral resurslar boʻyicha alyansini tashkil etishni tezlashtirishga chaqirdi. U bu haqda 8 oktyabr kuni Turkmanistonning Avaza shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida bayon qildi.
«Mamlakatlarimiz zamonaviy sanoat, energetika va yangi texnologiyalar uchun zarur boʻlgan xomashyoning salmoqli zaxiralariga ega. Bu oʻrinda biz uchun birgalikda harakat qilish muhimdir», — dedi prezident.
Uning soʻzlariga koʻra, bu yoʻnalishdagi dastlabki qadamlardan biri Markaziy Osiyodagi muhim mineral resurslar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish boʻlishi mumkin.
«Bunday resurs mintaqa salohiyati haqida yanada toʻliqroq tasavvur beradi hamda xalqaro investorlarga mamlakatlarimiz ushbu sohani birgalikda rivojlantirishga tayyorligini koʻrsatadi», — deb taʼkidladi prezident.
Umumiy kun tartibida energetika ham muhim oʻrin egallaydi, deya qoʻshimcha qildi Mirziyoyev. U mintaqada uglevodorodlarning katta zaxiralari hamda gidroenergetika, quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdi.
«Aynan mana shu xilma-xillik mamlakatlarimizga bir-birini toʻldirish imkonini beradi. Biz ushbu salohiyatdan oqilona foydalanishimiz va mintaqa energetika sohasini rivojlantirishga kompleks yondashishimiz kerak. Yashil energetika ushbu sohada tobora muhim oʻrin tutadi», — dedi prezident.
Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning kam uglerodli energetika salohiyati boʻyicha qoʻshma kontseptsiyani ishlab chiqishni taklif etdi.
«U yangi generatsiya quvvatlarini rivojlantirishni yanada yaxshiroq muvofiqlashtirish, zamonaviy energiyani saqlash tizimlarini joriy etish va yangi energetika koridorlarini yaratish imkonini beradi», — dedi prezident.

